Boʻsh ish oʻrinlari haqida majburiy hisobot berish bekor qilinadi
Prezident farmoni bilan ish beruvchilar va ishsizlik nafaqasi toʻlash borasida yangiliklar joriy etilyapti.

Endi boʻsh ish oʻrinlariga bandlik organlari tomonidan yuboriladigan shaxslarni ishga qabul qilmaganlik uchun javobgarlik bekor qilinadi.
Bu boʻyicha “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–126-son, 04.08.2025 y.) qabul qilindi.
Gap nima haqida?
Farmon bilan ish beruvchilarga yengillik berish koʻzda tutilmoqda.
Prezident farmoniga koʻra, quyidagilar mehnat munosabatlari va kasbga oʻqitish tizimini takomillashtirishning asosiy yoʻnalish va maqsadlari etib belgilandi, jumladan:
- xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi mehnatga oid munosabatlarning samarali, adolatli va oʻzaro manfaatli tizimini yaratish;
- ish beruvchilarning ehtiyojiga muvofiq ularni malakali kadrlar bilan taʼminlash tizimini joriy etish.
2025 yil 1 sentabrdan ish beruvchilar uchun belgilangan ayrim talablar bekor qilinadi:
- boʻsh ish oʻrinlariga bandlik organlari tomonidan yuboriladigan shaxslarni ishga qabul qilmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik;
- boʻsh ish oʻrinlari mavjudligi toʻgʻrisidagi hisobotlarni majburiy taqdim etish.
Shuningdek, 2025 yil 1 noyabrdan ishsizlik nafaqasi faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga toʻlanadi. Bunda:
- ishsizlik nafaqasi soʻnggi 5 yilda kamida 18 oy ishlagan shaxslarga mehnat shartnomasi bekor qilingandan soʻng ular 6 oy ichida murojaat qilganda, ularning oxirgi 18 oylik oʻrtacha ish haqi hisobidan 3 oy davomida toʻlanadi;
- 1-oyda oʻrtacha oylik ish haqining 75 foizi, lekin mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda toʻlanadi;
- 2- va 3- oylarda esa oʻrtacha oylik ish haqining 50 foizi, lekin mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda toʻlanadi.
Ishsizlik nafaqasini takroran belgilashda dastlabki tayinlangan nafaqani olish muddati tugagandan soʻng qoʻshimcha ravishda kamida 12 oylik ish staji talab etiladi.