Alisher Qodirov pasportga rasmga tushishda roʻmolni yechtirishni bekor qilishga chaqirdi
Siyosatchi "Jennifer Lopesga koʻrsatilgan bagʻrikenglikni dindor ayollarga ham qoʻllash kerakligi"ni yozgan.

Qonunchilik palatasi spikeri oʻrinbosari, "Milliy tiklanish" partiyasi rahbari Alisher Qodirov hujjat uchun rasmga tushishda ayollarning roʻmolini yechtirish amaliyotini bekor qilishga chaqirdi. Va oʻz fikrini jahon yulduzi Jennifer Lopesning Toshkentdagi konserti bilan bogʻladi.
Gap nimada?
Qodirovga koʻra, hujjat uchun rasmga tushishda roʻmolni yechtirish amaliyoti dunyoviylik va inson huquqlari tamoyiliga toʻgʻri kelmaydi.
"Jennifer Lopesning konserti serdaromad ish va yopiq tadbir, narkotika tarqatib, davlatga qarshi targʻibot qilmasa, oʻtkazadi, tanasini koʻrsatish uni tanlovi, koʻrish esa tadbirga bilet olganlarniki, dunyoviylik shu!
Lekin, xuddi shunday oʻranib yurmoqchi boʻlgan ayol vatandoshni ham tanlovi qonun bilan himoya qilingan. Yalongʻoch namoyishini dunyoviylik deb qabul qildik, endi yopinib yurish huquqiga ham dahl qilmaslik kerakligini qabul qilaylik. Lopesga qanday kiyinishni oʻrgatmaganimizdek, eʼtiqodli ayollarimizga roʻmolni qanday oʻrashni oʻrgatishni, qolaversa, shu yoshga kelib eʼtiqodi talabiga rioya qilgan ayollarni pasportga roʻmolini yechib tushishga majburlashni ham toʻxtatish kerak. Identifikatsiya talablari yuzni ochiq boʻlishini taqozo qiladi, sochni emas. Lopesga koʻrsatgan bagʻrikengligimizni dindor ayollarimizga ham koʻrsataylik", deya yozadi Qodirov oʻz sahifasida.
Uning aytishicha," Oʻzbekiston dunyoviy davlat, dunyoviy davlat koʻpchilik saylagan Parlament tomonidan qabul qilinib, koʻpchilik saylagan Prezident tomonidan maqullangan qonunlarni buzmagan holda, oʻzi istaganidek yashash imkonini beradi".
Eslatib oʻtamiz, 7 avgust kuni Jennifer Lopes Toshkentdagi "Bunyodkor" stadionida konsert berdi. Avvalroq u Armaniston poytaxti Yerevanda ham konsert bergan va shahar stadioni ushbu hodisadan keyin jiddiy zararlangani OAVda eʼlon qilingan edi. Endi Lopes 10 avgustda Olmaoatada konsert beradi.
