platina.uz
Jamiyat

3 yoshli bolani bosib ketgan ayolga qoʻllanilgan jazo haqqoniymi?

Oliy sudning tushuntirish berishicha, ayolning pensioner ekani va qilmishidan pushaymonligi inobatga olingan.

3 yoshli bolani bosib ketgan ayolga qoʻllanilgan jazo haqqoniymi?

Margʻilon shahrida koʻchada oʻynab oʻtirgan 3 yoshli bolani avtomobilda bosib oʻtib ketgan ayolga oid jinoyat ishi boʻyicha sud hukmi eʼlon qilingan.

Sudlanuvchi D.A. 1970 yil 26 yanvarda Margʻilon shahrida tugʻilgan, muqaddam sudlanmagan, maʼlum boʻlganidek, u shu yil pensiyaga chiqqan.

Gap nimada?

10 may kuni shaharning Zuxro koʻchasida sublanuvchi D.A. Lacetti avtomobilini boshqarib ketayotib, 2022 yilda tugʻilgan A.A.ni bosib ketgan. Hodisa oqibatida bola tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Margʻilon shahri sudida ayol yurgan vaqtida hech qanday bolaning ovozi eshitilmagani va mashinada biror nima bosib oʻtganini sezmaganini aytgan. Ayolning soʻzlariga koʻra, u besh yil avval haydovchilik kursini tamomlagan va guvohnoma olgan.

Sud hukmi bilan ayol Jinoyat kodeksining 117-moddasi (xavf ostida qoldirish) 1-qismi va 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga 2 yil muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilingan holda, yashash joyidan chiqishni butunlay cheklashdan iborat 2 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Jinoyat kodeksining 117-moddasi 1-qismiga koʻra hayoti yoki sogʻligʻi xavf ostida qolgan va oʻzini oʻzi himoya qilish imkoniyatidan mahrum boʻlgan shaxsga yordam koʻrsatmaslik, basharti, aybdor bunday ahvoldagi shaxsga yordam berishi shart va bunday imkoniyatga ega boʻlsa yoxud aybdorning oʻzi jabrlanuvchini xavfli ahvolga solib qoʻygan va bu hol badanga oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir shikast yetkazilishiga olib kelsa, 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismiga koʻra transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish badanga oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir shikast yetkazilishiga sabab boʻlsa, uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Oliy sud izohi

Oliy sud hukm boʻyicha izoh berdi. Unga koʻra, Jinoyat kodeksining 45-1 (majburiy jamoat ishlari) va 46 (ahloq tuzatish ishlari) moddalari talablariga muvofiq majburiy jamoat ishlari hamda axloq tuzatish ishlari pensiya yoshiga yetganlarga nisbatan qoʻllanilmaydi.

Shu bilan birga Jinoyat kodeksining 50-moddasi (ozodlikdan mahrum qilish) 10-qismida ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyat sodir etganlik, ehtiyotsizlik oqibatida jinoyat sodir etganlik va qasddan uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazo yoshga doir pensiyaga chiqish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga nisbatan tayinlanmasligi belgilab qoʻyilgan.

"Shu bois, sud sudlanuvchi D.A.ning pensiyada ekani, muqaddam sudlanmagani va qilmishidan pushaymonligini eʼtiborga olib jazo tayinlagan", deyiladi izohda.

Shuningdek, sud hukmi bilan D.A.dan jabrlanuvchining qonuniy vakili foydasiga 2 350 000 soʻm miqdorida moddiy zarar, 25 000 000 soʻm miqdorida maʼnaviy zarar undirilishi belgilangan.


Tahririyatdan: modomiki butun boshli bolani bosib ketib, na biror shovqin, na bolaning ovozini eshitgan ekan, pensiyadagi ayolning mashina boshqarishi juda xavfli. Shu maʼnoda uning haydovchilik huquqi 2 yilga mahrum qilingani va butunlay koʻchaga chiqmasligi bir hisobdan toʻgʻri jazo hamdir.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid