Prezidentga Navoiydagi konlar boʻyicha loyihalar tanishtirildi
Viloyatdagi 1,6 mlrd dollarlik qoʻshimcha loyihalar natijasida byudjetga 1 trln soʻm tushum imkoniyati paydo boʻlishi kutilyapti.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 7 avgust kuni Navoiy viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi. Unda yangi konlar haqida ham maʼlumotlar berildi.
Gap nimada?
Navoiy viloyati – yerosti boyliklari, sanoati va qishloq xoʻjaligi boʻyicha ulkan salohiyatli hudud. Bularning negizida soʻnggi sakkiz yilda 8 mlrd dollarlik 7 mingdan ziyod loyiha amalga oshirilib, 73 mingta ish oʻrni yaratilgan. Tadbirkorlar soni 10 mingtadan 30 mingtaga koʻpaygan.
Mamlakatdagi qazilma boyliklarining 20 foizi, yaylovlarning 43 foizi shu hududda joylashgan. Yirik korxonalar va qulay infratuzilma koʻplab yondosh tarmoqlarda talab yaratgan.
Bu yil 6 oyda investitsiya hajmi 643 million dollarga yetgan, eksport 635 million dollardan oshgan. 550 million dollarlik yangi quvvatlar, 1140 ta savdo va servis majmualari ishga tushgan.
"Lekin hali foydalanilmagan manbalar juda koʻp. Navoiy viloyatida yirik sanoat tarmoqlaridan tashqari yaylovlarni oʻzlashtirish, chorvachilikni rivojlantirish, xizmat turlarini koʻpaytirish boʻyicha imkoniyatlar bepoyon", degan taqdimot bilan tanishgan davlat rahbari.
Yangi konlar va investorlar
Gʻozgʻon shahri, Nurota, Xatirchi, Navbahor va Uchquduq tumanlaridagi 8 ta konga investorlar 566 million dollar sarmoya kiritishga tayyorligini bildirgan. Buning natijasida sanoat hajmi 2,5 trillion soʻmga, eksport 100 million dollarga koʻpayishi aytilmoqda.
Masalan, Nurota tumanida 750 million kub metr granit toshlari zaxirasi bor. Uni qayta ishlash uchun 50 gektar maydonda sanoat zonasi tashkil etish taklif qilingan.
Shu tumandagi 10 ta mahallada 5 mingdan ziyod xotin-qiz kashtachilik bilan shugʻullanyapti, endi yana 28 ta mahallada Kashtachilik markazlari ochiladi. Aytilishicha, ehtiyojmand oilalarni quyosh panellari va koʻchma doʻkonlar bilan taʼminlab, kambagʻallikdan chiqarish koʻzda tutilgan.
"Viloyatdagi 3 million gektar yaylov qishloq xoʻjaligi uchun katta imkoniyat. Masalan, qiziltepalik tadbirkor ming gektar yaylovda yomgʻirlatib va tomchilab sugʻorish texnologiyasini qoʻllab, eksportbop ekinlar yetishtirmoqda. Endi chorvachilikni yoʻlga qoʻyib, sutni qayta ishlash tashabbusini bildirgan", deyilgan prezident matbuot xizmati xabarida.
Davlat rahbari yaylovlarga suv chiqarishga koʻmaklashib, ulardan samarali foydalanish, oziq-ovqat mahsulotlarini koʻpaytirish zarurligini aytgan.