Jennifer Lopes konsertidan soʻng Armanistondagi stadion jiddiy zarar koʻrdi
Toshkentdagi "Bunyodkor" stadioni ham xuddi shunday ahvolga tushishidan xavotirlar bildirilmoqda.

Ayerikalik mashhur yulduz Jennifer Lopes MDH davlatlari boʻylab konsert bermoqda. Maʼlumotlarga koʻra, uning Yerevandagi chiqishida stadion chimiga jiddiy zarar yetgan. Xonanda Toshkentda ham aynan futbol stadionida chiqish qiladi.
Gap nimada?
Jennifer Lopesning 3 avgust kuni oʻtgan konsertidan soʻng arman futbol jamoatchiligi eʼtibori Yerevandagi Respublika stadioniga qaratildi. Bunday keng koʻlamli konsertlarni oʻtkazish maysazorga xavf tugʻdiradi. Arman OAVlariga koʻra, maysa juda yomon holatda va stadion xodimlari uni normal holatga keltirish uchun katta hajmdagi ishlarni bajarishlari kerak boʻladi.
Ayni damda Lopesning konsertidan soʻng stadionga tashrif buyurishga muvaffaq boʻlgan shaxslarning fikriga koʻra, u yerda futbol oʻyinlarini oʻtkazishning iloji yoʻq. Ammo Armaniston chempioni “Nuh” 21 avgust kuni Yevropa ligasi pley-off bosqichiga chiqsa, yevrokubokning ushbu bosqichidagi ilk uchrashuvni Respublika stadionida oʻtkazishi kerak boʻladi. Bu sanaga qadar maysazorni normal holatga keltirishning iloji yoʻq.
Stadion direktori Ashot Barsegyan "Sputnik Armaniston"ga avvalroq xabar berganidek, restavratsiya ishlari allaqachon boshlangan. Uning soʻzlariga koʻra, konsertdan keyin maysazor biroz sargʻaygan.
"Stadion shunchaki sugʻorilishi va tekislanishi kerak - boshqa hech narsa talab qilinmaydi", dedi u.
Biroq, OAVning yozishicha, faqat sugʻorish yetarli emas. Shuningdek, 6 sentabrda JCh saralashida Armaniston Portugaliya bilan oʻynaydi. Stadion bunga tayyor boʻladimi-yoʻqmi, aniq javob berilmagan.
Eslatib oʻtamiz, bugun 7 avgust kuni Lopes Toshkentdagi "Bunyodkor" stadionida konsert beradi. Stadion chimi avval ham qator muammolarga sabab boʻlgani maʼlum.
Eslatib oʻtamiz, Jennifer Lopes 3 avgustdan Yerevanda konsert berdi. 7 avgust kuni u Toshkentda, 10 avgustda esa Olmaoatada konsert dasturini namoyish etadi.