Issiq oylarda tonirovkani arzonlatishmoqchi
Havodan pul qilishga qaratilgan bu tizim boʻyicha loyiha yozning oxirgi oyida muhokamaga qoʻyildi.

Ichki ishlar vazirligi may va yoz oylarida arzonlashtirilgan narxda tonirovka uchun ruxsatnoma berilishini koʻzda tutuvchi qonun loyihasini eʼlon qildi.
Unga koʻra, M1 toifaga oid avtotransport vositalarining (yengil avtomobillar) orqa va old yon oynalarining tusini oʻzgartirish (qoraytirish) uchun har yili 1 maydan – 31 avgustgacha muddatda beriladigan ruxsatnomalar tartibi yoʻlga qoʻyiladi.
Gap nimada?
Yoz fasli issiq keladigan Oʻzbekistonda tonirovka muhim masala sanaladi. Soʻnggi vaqtlarda kuzatilayotgan davomli jaziramalar mashinalarda harakatlanishni qiyinlashtirmoqda.
Taklif etilayotgan loyihada ruxsatnoma narxi jismoniy va yuridik shaxslar uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorini (412 ming soʻm), Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy davlatlar yuridik shaxslari uchun esa bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari (2 mln 60 ming soʻm) miqdorini tashkil etadi.
Bunda, qisqa muddatli ruxsatnoma uchun toʻlov ruxsatnoma rasmiylashtirilgan sanadan qatʼi nazar, toʻliq hajmda amalga oshiriladi. Loyiha muhokamasi 22 avgustgacha davom etadi.
Eslatib oʻtamiz, hozirda yengil avtomobillarning orqa yon oynalarini qoraytirish bepul, old yon oynalari tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma uchun esa BHMning 8 baravari (3 mln 296 ming soʻm) miqdorida toʻlov qilish kerak boʻladi.
Ruxsatnomasiz tonirovka uchun jarima Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks 126-1-moddasiga koʻra, BHMning 25 baravari (10 mln 300 ming soʻm)ni tashkil etadi.
Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekistonda dastlab 2019 yilda tonirovkaga ruxsat berish boshlangandi. Oʻshanda orqa yon oynalarni qoraytirish BHMning 50 barobarigacha miqdor (oʻsha paytda 11 mln 150 ming soʻm)ni tashkil etardi. 2024 yil 1 iyuldan boshlab mashinalarning orqa yon oynalar tusini oʻzgartirish mutlaqo tekin boʻlgandi.