platina.uz
Jamiyat

"YandexGo" insofsiz raqobatni amalga oshirgan deb topildi

Kompaniya reklama roligi orqali "Uzum Market"ning ishchanlik obroʻsiga putur yetkazayotganligi aytildi va chora koʻrildi. 

"YandexGo" insofsiz raqobatni amalga oshirgan deb topildi

“Uzum Market” MChJ XKga nisbatan insofsiz raqobat holatlarini sodir etgan “YandexGo UB” MChJga tegishli choralar koʻrildi. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi xabar berdi.

Qoʻmitaga “Uzum Market” MChJ XKdan kelib tushgan murojaat asosida, “YandexGo UB” MChJ tomonidan televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali namoyish etilgan “Yandex Market” reklamasi orqali “YandexGo UB” MChJ “Uzum Market” MChJ XKga nisbatan insofsiz raqobat harakatlarini amalga oshirib, “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonun talablarini buzayotganligi aytilgan, isteʼmolchilarni chalgʻitayotganligi hamda “Uzum Market” MChJ XKning ishchanlik obroʻsiga putur yetkazayotganligi alomatlari boʻyicha Raqobat qoʻmitasi Maxsus komissiyasi tomonidan ish qoʻzgʻatilgan.

Maxsus komissiya tomonidan ishni koʻrib chiqish natijasida:

“YandexGo UB” MChJ reklamasidagi aktrisaning binafsha rangli koʻylagi va rolikning dastlabki kadrlari “Uzum Market” MChJ XKning avvalgi videolaridagi obrazlarga vizual va konseptual jihatdan oʻxshashligi;

Reklama roligidagi bosh qahramonning uzum dastasini koʻtarib “a, bu marketmi?!” deb berilgan savolidan soʻng, yon-atrofdagi reklama ishtirokchilarining bosh qahramonning savoliga nisbatan salbiy holatdagi munosabati (reaksiyasi);

Reklama roligida rolik ishtirokchisining “ajoyib market” deganidan soʻng, bosh qahramonning uzum dastasini koʻtarib “a, bu marketmi?!” degan savoli orqali tomoshabinda “Uzum Market” haqida soʻz borayotganligi” haqida taassurot uygʻotilganligi. Shundan soʻng, aktrisaning “yoʻq, bu boshqa market” degan javobi orqali “Yandex Market” ustunligi haqida ishora qilinganligi aniqlandi.

Yuqoridagi holatlar orqali “YandexGo UB” MChJ “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunining 21-moddasida nazarda tutilgan notoʻgʻri taqqoslash, yaʼni raqobatchi xoʻjalik yurituvchi subʼektni yoki uning tovarini tovarning ustunligi haqida tasavvur hosil qiluvchi soʻzlardan yoki ramzlardan tovarning xolisona tasdiqqa ega boʻlgan tavsifini yoki taqqoslash parametrlarini koʻrsatmagan holda foydalanib taqqoslashni amalga oshirgan deb topilgan.

Shu bilan birga, “Uzum Market” tomonidan Maxsus komissiyaga raqobatni cheklashga olib kelgan harakat bozor ishtirokchilari, isteʼmolchilarga bevosita moddiy zarar yetkazilganligi toʻgʻrisidagi asosli dalillar va hujjatlar taqdim etmaganligi bois, Maxsus komissiya holatni iqtisodiy jihatdan past taʼsirli deb baholadi va moliyaviy sanksiyalarni sud tartibida qoʻllashni lozim deb topmadi.

Yuqorida aniqlangan qonunbuzilish holatiga muvofiq, Qoʻmita Maxsus komissiya tomonidan “YandexGo UB” MChJga nisbatan:

-“Yandex Market”ga oid mazkur reklama roligini ommaviy axborot vositalaridan olib tashlash orqali qonunbuzilish holatini bir oy muddatda bartaraf etish;

-reklama roligini OAVdan olib tashlagani haqida tasdiqlovchi hujjatlarni joriy yilning 14 avgustiga qadar Qoʻmitaga taqdim etish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Maʼlumot oʻrnida. Maxsus komissiyaning ushbu qaroridan norozi boʻlgan tomon Qoʻmitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid