Saf tayyorgarligi boʻyicha tanlov yakunlandi
Tadbirning respublika bosqichi sinovlarida ishtirok etgan 11 ta jamoaning saf qoidalarini oʻzlashtirgani baholandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tizimida “Saf tayyorgarligi boʻyicha eng ilgʻor boʻlinma” koʻrik tanlovining respublika bosqichi boʻlib oʻtdi va gʻoliblar aniqlandi
Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalari ichida ilk marotaba Milliy gvardiya tizimida “Saf tayyorgarligi boʻyicha eng ilgʻor boʻlinma” koʻrik-tanlovi 3 bosqichda, yaʼni harbiy qismlar, mintaqaviy va respublika bosqichi koʻrinishida boʻlib oʻtdi.
Mazkur koʻrik-tanlov Milliy gvardiya boʻlinmalarining saf tayyorgarligidan amaliy koʻnikmalarini mustahkamlash, sogʻlom raqobatni rivojlantirish, oʻzaro tajriba almashish, shaxsiy tarkibning qurol bilan maxsus saf usullarini bajarishda oʻziga nisbatan ishonchni oshirish maqsadida yilda ikki bor: Vatan himoyachilari kuni arafasida hamda Mustaqillik bayrami oldidan oʻtkaziladi.
Toshkentdagi Jamoat xavsizligi universiteti bazasida boʻlib oʻtgan ushbu tadbirning respublika bosqichi sinovlarida ishtirok etgan 11 ta jamoaning saf qoidalarini oʻzlashtirgani baholandi. Musobaqa jarayonlarida yakka tartibda qurol va qurolsiz saf usullarini namoyish etish; saf qoʻshigʻini tantanali aytib oʻtish, jangovar hayqiriq hamda qurol bilan koʻrgazmali maxsus saf usullari kabi shartlar amalda bajarildi.
Koʻrik-tanlovning respublika bosqichi gʻoliblari ishtirokidagi tantanali marosim Ichki ishlar vazirligiga qarashli “JAR” sport majmuasida boʻlib oʻtdi.
Unda Milliy gvardiya qoʻmondonligi, Mudofa, Ichki ishlar vazirliklari, Bojxona qoʻmitasi, Yoshlar ishlari Agentligi va harbiy taʼlim muassasalari mutasaddi rahbarlari hamda kursant va tinglovchilari, shuningdek jasorat maktabi oʻquvchilari hamda mahalliy yoshlar ishtirok etishdi.

Tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar eʼtiboriga gvardiyachilar tomonidan tayyorlangan amaliy koʻrgazmali chiqishlar havola etildi. Harbiy orkestr chiqishlari, yangi saf nizomidagi yangiliklar, qizlar jamoasining qurol bilan saf harakatlari va Faxriy qorovul bataloni jamoasining namunali saf chiqishlari barchada katta taassurot qoldirdi.
Yakunda gʻolib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Unga koʻra, 3-oʻrin – Milliy gvardiya Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha boshqarmalari jamoalariga nasib etgan boʻlsa, 2-oʻrinni – Jamoat xavfsizligi universiteti jamoasi qoʻlga kiritdi, faxrli 1-oʻrinni — “Sher” jamoasi egalladi.
Gʻoliblar diplom va pul mukofotlari bilan ragʻbatlantirildi.