Putinga soʻnggi imkon: Trampning maxsus vakili Rossiya rahbari bilan uchrashdi
Putin va Uitkoff uchrashuv oldidan qoʻl berib koʻrishib, tarjimonlarsiz bir nechta iboralar almashishgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskvada AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan uchrashdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
“Vladimir Putin Stiven Uitkoffni Kremlda qabul qildi”, — deyiladi xabarda.
Matbuot xizmati boshqa tafsilotlarni keltirmadi.
RIA "Novosti" xabariga koʻra, Putin va Uitkoff uchrashuv oldidan qoʻl berib koʻrishib, tarjimonlarsiz bir nechta iboralar almashishgan. Uchrashuvda Rossiya prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov va Rossiya rahbarining xorijiy davlatlar bilan sarmoyaviy va iqtisodiy hamkorlik boʻyicha maxsus vakili Kirill Dmitriyev ishtirok etdi.
Stiv Uitkoff 6 avgust kuni Moskvaga keldi, maxsus vakil Dmitriyev bilan Zaryade bogʻini aylanib chiqdi, deb xabar bermoqda RT.
Uitkoffning asosif missiyasi Putinni 8 avgustgacha sulhga koʻndirishdir. Agar Rossiya rozi boʻlmasa, Tramp mamlakatga qarshi sanksiyalar kiritadi. Kreml bu masala natijalarini ochiqlamadi.
Avvalroq Rossiya va Ukraina havoda sulhga kelishishi mumkinligi yozilgandi.