OAV: Rossiya Ukraina bilan havoda sulhga erishmoqchi
Taklif raketa va dronlardan foydalangan holda zarbalar berishni toʻxtatib turishni oʻz ichiga oladi.

Rossiya va Ukraina havodagi toʻqnashuvlarni toʻxtatishi mumkin.
Rossiya hukumati ikkilamchi sanksiyalar tahdidining oldini olish maqsadida AQSh prezidenti Donald Trampning Ukrainada havo sulh tuzish haqidagi taklifini koʻrib chiqmoqda, deb yozadi Bloomberg manbalarga asoslangan holda.
Agentlik manbalariga koʻra, havo sulhiga oid taklif raketa va dronlardan foydalangan holda zarbalarni toʻxtatib turishni oʻz ichiga oladi. AQSh prezidentining elchisi Stiv Uitkoffning Rossiyaga tashrifi Moskvaga Donald Tramp bilan “kechiktirilgan kelishuvga erishish imkoniyatini” beradi.
Manbalardan biri, agar Ukraina ham bunga rozi boʻlsa, havo sulhiga erishish mumkinligini taʼkidladi.
TASS xabariga koʻra, Stiv Uitkoff 6 avgust kuni Rossiyaga uchib ketdi.Kreml uning prezident Vladimir Putin va boshqalar bilan uchrashishini istisno etmadi.
RBK-Ukrainaning yozishicha, AQSh prezidentining vakili Kit Kellog yaqin kunlarda rasmiy tashrif bilan Ukrainaga borishni rejalashtirmoqda.
Eslatib oʻtamiz, 8 avgustda belgilangan muddat tugaydi, shundan soʻng Donald Tramp agar Moskva Ukrainadagi mojaroni hal qilmasa, Rossiya hamkorlariga 100 foizlik bojlar joriy etishga vaʼda bergan edi.
1 avgust kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko AQSh prezidentining bayonotini izohlar ekan, Rossiya havo sulhiga erishishdan manfaatdor ekanini aytdi.