Koʻkdaladagi zapravkada portlash va yongʻin roʻy berdi
Hodisa oqibatida bir kishi tan jarohati olgan. Guliston markazida ham yongʻin sodir boʻldi.

Koʻkdaladagi zapravkada yongʻin roʻy berdi.
5 avgust kuni Qashqadaryo viloyati, Koʻkdala tumani, “Oltindala” MFYda joylashgan avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi hududida propan suyultirilgan gaz tashuvchi avtotsisternadan propan saqlash rezervuarga yoqilgʻi toʻkish vaqtida chaqnash sodir boʻlib, yongʻin kelib chiqqan.
Shunga koʻra, 5 ta yongʻin-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga yetib borib, yongʻin qurshab olingan va oʻchirilgan.
Yongʻin natijasida 1 ta avtotsisterna va 10 kub propan suyultirilgan gaz saqlash rezervuari yonib zararlangan.
Hodisa oqibatida avtotsisterna haydovchisi yengil kuyish tan jarohati olgan.
Voqea joyiga viloyat va tuman FVB rahbarlari yetib borgan.
Shuningdek, Guliston shahri, “Shodlik” MFY, Oʻzbekiston shoh koʻchasida joylashgan obʼektlar birida yongʻin sodir boʻlayotganligi toʻgʻrisida xabar kelib tushgan.
Shunga koʻra, 5 ta yongʻin-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga yetib borishgan hamda yongʻin qurshab olinib, hozirda yongʻin oʻchirilgan.
Yongʻin oqibatida tan jarohati olganlar toʻgʻrisida murojaatlar kelib tushmagan.
Eslatib oʻtamiz, iyul oyida ham Koʻkdalada gaz toʻldirish shoxobchasi portlagan va 4 kishi halok boʻlgandi.