Buxoroda tibbiyot birlashmasi bosh hisobchisi va oʻrinbosari qoʻlga olindi
Hisobchi birlashma ehtiyojlari uchun 400 dona yotoq choyshablarini sotib olish boʻyicha shartnoma tuzgan va "otkat" olishga uringan.

Buxoroda byudjet mablagʻlari evaziga “otkat” olishga uringan bosh hisobchi va uning oʻrinbosari ushlandi.
Olot tumani tibbiyot birlashmasi bosh hisobchisi Romitan tumanida kiyimdan tashqari notoʻqima mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi MChJdan birlashma ehtiyojlari uchun 400 dona yotoq choyshablarini sotib olish boʻyicha shartnoma tuzadi.
Bosh hisobchisi oʻzining oʻrinbosari bilan oʻzaro til biriktirib, mazkur shartnomada tovar narxini oshirib koʻrsatish orqali, yaʼni har bir choyshabni 90 ming soʻmdan emas, balki 190 ming soʻmdan hisoblab, umumiy harajatlar summasini 76 mln soʻm qilib koʻrsatadi.
Natijada ortiqcha hisoblangan 40 mln soʻm “otkat”ni MChJ ish yurituvchisidan talab qiladi.
DXXning Buxoro viloyati boʻyicha boshqarmasi va IJQK Departamenti hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda ular oldindan 32 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Ularga nisbatan JKning 25,167-moddasi 2-qismi “v,g” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.