platina.uz
Siyosat

Shavkat Mirziyoyev Turkmanistondagi maxsus tadbirda ishtirok etdi

Unda Toshkentda oʻtadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlikning asosiy jihatlari koʻrib chiqildi. 

Shavkat Mirziyoyev Turkmanistondagi maxsus tadbirda ishtirok etdi

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 avgust kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish masalalariga bagʻishlangan maxsus tadbirda ishtirok etdi.

Tadbirda Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Qirgʻiz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi - Prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Qasimaliyev, Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadov, shuningdek, rasmiy delegatsiyalar aʼzolari va jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, Toshkent shahrida boʻlajak Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlikning asosiy jihatlari koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonning ushbu formatdagi raisligi doirasida birgalikda amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Xususan, yil boshida Raislik konsepsiyasi va Qoʻshma tadbirlar rejasi qabul qilindi.

Xavfsizlik kengashlari kotiblari, maxsus xizmatlar rahbarlari, sanoat, energetika, suv xoʻjaligi va ekologiya vazirlarining uchrashuvlari, media va yoshlar forumlari oʻtkazildi.

Yil yakuniga qadar parlamentlararo forum, mudofaa, savdo va transport vazirlarining uchrashuvlari, madaniy-gumanitar tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Mintaqaviy sheriklikning yangi kun tartibini shakllantirish va uning normativ-huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida uchrashuvning konseptual hujjatlari tayyorlanmoqda.

Toshkent sammiti doirasida Oʻzbekiston tomoni siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, iqtisodiy kooperatsiyaning yangi drayverlarini ishga tushirish, chegaraoldi savdoni koʻpaytirish boʻyicha qator tashabbuslarni ilgari surish niyatida ekani taʼkidlandi. Suv va energetika sohalarida, transport jihatidan oʻzaro bogʻliqlikni kengaytirish hamda iqlim oʻzgarishi boʻyicha amaliy hamkorlik masalalari diqqat markazida boʻladi.

Ozarbayjon tomonining uchrashuvlarda ishtirok etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugungi kunda mintaqa davlatlari Ozarbayjon bilan samarali hamkorlik qilmoqda. Savdo, transport, "yashil" energetika sohalarida qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Prezidenti soʻzining yakunida Markaziy Osiyo mamlakatlarining oʻzaro muvofiqlashtirilgan va kelishilgan yondashuvlari mintaqada taraqqiyot va farovonlik maqsadlariga erishishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Eslatib oʻtamiz, Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Turkmanistonda boʻlib turibdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid