Samarqand viloyati hokimiga oʻrinbosarlar tayinlandi
Narpay tumani hokimi vazifasida faoliyat koʻrsatgan Sherbek Boʻronov hokimning birinchi oʻrinbosari lavozimini egalladi.

Samarqand viloyat hokimligi tuzilmasida tayinlovlar amalga oshirildi.
Keyingi bir yil davomida Samarqand viloyati Narpay tumani hokimi vazifasida faoliyat koʻrsatgan Sherbek Boʻronov Samarqand viloyati hokimining moliya-Iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari – Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshligʻi lavozimiga tayinlandi.
Mutaxassisligi iqtisodchi boʻlgan Sh. Boʻronov Narpayga rahbar boʻlgunga qadar avvalgi chaqiriqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputati edi.
Samarqand viloyati hokimining qurilish, toʻsiqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari vazifasiga Navroʻz Rahmonov tayinlandi.
Bungacha N.Rahmonov viloyat hokimi oʻrinbosari kotibiyati mudiri edi.
Bugun Urgut tumani hokimi vazifasidan ozod etilgan Botir Jabborov Samarqand viloyati hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari – Qishloq xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi lavozimida ish boshladi.
Ushbu vazifada ishlagan Shunqor Xudoyberdiyev bugun Payariq tumaniga hokim etib tayinlangandi.
Shuningdek, bugun viloyat hokimining oʻrinbosari - viloyat Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshligʻi ham oʻzgardi. Ushbu lavozimga shu paytgacha Oʻzbekiston Respublikasining Hindistondagi elchixonasi savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchisi boʻlgan Xurshidbek Samiyev tayinlandi.
Avval Samarqand viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari, keyinchalik Respublika savdo-sanoat palatasi rahbari oʻrinbosari boʻlib ishlagan Jamshid Oʻroqov Samarqand viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari boʻyicha yordamchisi vazifasida ish boshladi.