Prezident Turkmanistonning "Hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun" ordeni bilan mukofotlandi
Oʻzbekiston va Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishgani qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston ordeni bilan mukofotlandi.
BMTning Dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar boʻyicha uchinchi konferensiyasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Turkmanistonning "Hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun" ordenini tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Davlatimiz rahbari Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va qardosh turkman xalqiga yuksak davlat mukofoti uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
- Ushbu mukofotni Oʻzbekiston va uning koʻp millatli xalqiga alohida eʼtibor va hurmat, Markaziy Osiyo mintaqasida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi umumiy saʼy-harakatlarimizning eʼtirofi sifatida qabul qilaman, - dedi davlatimiz rahbari.
Boy tarixiy tajriba, qardoshlik va oʻzaro hurmat anʼanalariga asoslangan Oʻzbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Keyingi yillarda muhim iqtisodiy va gumanitar loyihalar amalga oshirildi, oʻzaro savdo hajmi va kooperatsiya koʻlami keskin oshdi.
Oʻzbekiston yetakchisi Arqadagʻ va mintaqaning barcha davlatlari rahbarlari Markaziy Osiyoda hamkorlikni ilgari surishga ulkan hissa qoʻshayotganini alohida qayd etdi. Bugun butun xalqaro hamjamiyat mintaqaviy sheriklik va oʻzlikning yangi modelini barpo etishdagi umumiy muvaffaqiyatlarimizni eʼtirof etayotgani taʼkidlandi.
Soʻzining yakunida davlatimiz rahbari yuksak mukofot uchun yana bir bor minnatdorlik bildirib, qardosh turkman xalqini shu kunlarda oʻtayotgan BMT konferensiyasi bilan tabrikladi hamda joriy yil dekabr oyida Ashxobod shahrida Xalqaro tinchlik va ishonch yili doirasidagi global sammit muvaffaqiyatli oʻtishini tiladi.