Prezident Turkmanistonda muhim uchrashuvlar oʻtkazdi
BMT bosh kotibi bilan Markaziy Osiyoda integratsiyani chuqurlashtirish, Afgʻonistonni mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga jalb etish masalalari muhokama qilindi.

BMTning dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar boʻyicha konferensiyasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Global va mintaqaviy taraqqiyotning dolzarb masalalari, shu jumladan BMT Bosh Assambleyasining boʻlajak 80-yubiley sessiyasini oʻtkazish masalalari koʻrib chiqildi.
Shu maʼnoda, Oʻzbekiston yetakchisi Bosh kotibning xalqaro tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, BMT va uning asosiy institutlarini zamonaviy voqelikka moslashtirish maqsadida isloh qilish borasidagi tashabbuslarini qatʼiy qoʻllab-quvvatladi.
Oʻzbekiston bilan BMT oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, Antoniu Guterrishning oʻtgan yil iyul oyidagi mamlakatimizga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Bugungi kunda 160 ta qoʻshma dastur va loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Soʻnggi bir necha yilda Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 13 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Joriy yilda Tashkilotning asosiy tuzilmalari va institutlari, jumladan, BMT-Xabitat va YuNISEF rahbarlari Oʻzbekistonga tashrif buyurdi, Toshkentda "BMT-Ayollar" tuzilmasining vakolatxonasi ochildi.
Davlat xizmati masalalari boʻyicha forum birgalikda oʻtkazildi. Samarqand shahrida YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda.
Mamlakatimiz Global barqaror rivojlanish maqsadlari indeksi boʻyicha eng ilgʻor beshta davlat qatoriga kirdi. BRMga erishish nuqtai nazaridan BMT bilan hamkorlik boʻyicha yangi besh yillik dastur imzolanishi kutilmoqda.
Markaziy Osiyoda integratsiyani chuqurlashtirish, Afgʻonistonni mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish, qoʻshma dastur va loyihalarni kengaytirishga tayyor ekanini taʼkidladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga amaliy tashrifi doirasida Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidzeni qabul qildi.

Savdo-iqtisodiyot, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalardagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Gruziya Bosh vazirining joriy yil mart oyida Oʻzbekistonga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Faol idoralararo aloqalar davom etmoqda, tashqi ishlar va iqtisodiyot vazirlarining uchrashuvlari oʻtkazildi. Tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmi, qoʻshma loyiha va korxonalar soni oshmoqda.
Oʻzaro tovar yetkazib berishni koʻpaytirish, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika, oziq-ovqat tarmoqlarida, shuningdek, logistika sohasida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish boʻyicha muvofiqlashtirilgan choralar koʻrish muhimligi qayd etildi.
Avazada oʻtayotgan BMTning Dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar boʻyicha uchinchi konferensiyasi doirasida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadovning uch tomonlama uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Oʻzaro manfaatli mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va qoʻshma loyihalarni ilgari surish masalalari koʻrib chiqildi.

Eng avvalo, energetika, transport va logistika, sanoat va qishloq xoʻjaligi sohalarida kooperatsiya uchun imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Amaliy hamkorlikning istiqbolli loyihalarini ishlab chiqish uchun mazkur formatdagi muloqotlarni davom ettirishga kelishib olindi.