platina.uz
Siyosat

Oʻzbekiston Tranzit kafolatlari toʻgʻrisidagi global bitim ishlab chiqishni taklif etdi

Bitim BMT shafeligida, dengizga chiqish yoʻliga ega boʻlmagan mamlakatlar uchun tuziladi. 

Oʻzbekiston Tranzit kafolatlari toʻgʻrisidagi global bitim ishlab chiqishni taklif etdi

Shavkat Mirziyoyev BMTning dengizga chiqish yoʻliga ega boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar boʻyicha uchinchi konferensiyasida nutq soʻzladi.

Oʻzbekiston rahbari unda qator takliflar bilan chiqdi.

Prezidentga koʻra birinchidan, xalqaro transport yoʻlaklari va infratuzilmasini jadal rivojlantirish uchun muvofiqlashtirilgan harakatlar zarur.

"Biz Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston temir yoʻlini qurish loyihasini tayyorlash va amalga oshirishni tezlashtirish tarafdorimiz. Ushbu istiqbolli yoʻlakni qurilayotgan Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻl magistrali bilan bogʻlash keng mintaqamizda yangi savdo-iqtisodiy makon va barqaror transport infratuzilmasini shakllantirish uchun katta imkoniyatlar ochadi.

Biz, shuningdek, Oʻrta yoʻlakni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratamiz. Uni toʻliq ishga tushirish uchun, birinchi navbatda, kelishilgan tranzit siyosati, tartibotlarni soddalashtirish va konteynerlarda yuk tashish uchun maqbul tariflarni joriy etish muhimdir", deydi prezident.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida dengizga chiqish yoʻliga ega boʻlmagan mamlakatlar uchun Tranzit kafolatlari toʻgʻrisidagi global bitimni ishlab chiqishni taklif etildi.

Bunday mexanizm portlar va kommunikatsiyalardan adolatli foydalanish shartlarini taʼminlaydi, yuk tashishda xavf-xatarlarni pasaytiradi, global logistikada tengsizlikni kamaytirishga xizmat qiladi.

Yirik infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun moslashuvchan investitsiya vositalariga talab tobora oʻsib bormoqda.

Markaziy Osiyo mamlakatlarining transport infratuzilmasini rivojlantirish uchun zarur boʻlgan sarmoyalar yiliga qariyb 40 milliard dollar, deb baholanmoqda.

Shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Dengizga chiqish yoʻliga ega boʻlmagan mamlakatlarning logistika integratsiyasiga koʻmaklashish jamgʻarmasini taʼsis etishni taklif etildi. Ushbu jamgʻarmaga donor mamlakatlar, xalqaro rivojlanish institutlari va global dasturlar resurslarini keng jalb etish maqsadga muvofiq.

Dengizga chiqish yoʻliga ega boʻlmagan mamlakatlarning Zaiflik global indeksini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surildi.

Bu mamlakatlarimizning tranzit borasida cheklangan imkoniyatlarini xolis koʻrib chiqish va mavjud sharoitlardan kelib chiqib, xalqaro moliyaviy-texnik dasturlarni kengaytirish va resurslarni samarali taqsimlashning taʼsirchan vositasiga aylanadi.

Eng asosiysi – ushbu indeks mamlakatlarimizning raqobatbardoshligi va ishbilarmonlik muhitini adolatli baholashda hisobga olinishi kerak.

Oʻzbekistonda agrotarmoqni rivojlantirish uchun Innovatsion xabni yaratish boʻyicha taklifimizni amalga oshirish prinsipial ahamiyatga ega.

Mazkur xab moslashuvchan agrotexnologiyalarni tatbiq etish, suvni tejash va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga oid innovatsion loyihalarni ilgari surish, oʻzaro bilim va tajriba almashishga xizmat qiladi.

Umumiy tahdidlarni birgalikda bartaraf etish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqishga mamlakatlarimiz yetakchi ekspertlari va “aql markazlari”ni faol jalb etish muhim.

"Bu borada xalqaro anjuman va davra suhbatlari oʻtkazishni taklif qilamiz. Bunday tadbirlar kun tartibiga global ishlab chiqarish zanjirlariga mamlakatlarimizning chuqur integratsiyasini taʼminlash, sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalarni jadal rivojlantirish, transchegaraviy investitsiyalarni kengaytirish va startaplarni qoʻllab-quvvatlash masalalarini kiritish mumkin.

Oʻzbekiston, shuningdek, dengizga chiqish yoʻliga ega boʻlmagan mamlakatlar uchun Xalqaro tahlil markazi faoliyatiga qoʻshilish niyatida", deya taʼkidladi prezident.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid