platina.uz
Jamiyat

Toshkentda noqonuniy diniy taʼlim berish holatlari aniqlandi

Buvaydalik fuqaro yashash xonadoni va oʻziga tegishli umumiy ovqatlanish shoxobchasida bosmaxona tashkil qilib, diniy mazmundagi kitoblarni chop etish bilan shugʻullangan.

Toshkentda noqonuniy diniy taʼlim berish holatlari aniqlandi

Toshkent va Fargʻona shaharlarida noqonuniy diniy taʼlim hamda qonunga xilof ravishda diniy adabiyotlar chop etish holatlari aniqlandi.

Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida yashovchi, 1993 y.t. shaxs Olmazor tumanining “Jiydali” MFYda vaqtincha istiqomat qilayotgan xonadonda 2025 yilning may oyidan buyon 15 nafar yoshlarga noqonuniy diniy taʼlim beradi va buning evaziga har biridan 150 AQSh dollarini olib keladi.

Aniqlanishicha, Respublikaning turli hududlaridan kelgan, 2004-2014 yillar oraligʻida tugʻilgan bu "ilm izlovchilar"ning 11 nafari voyaga yetmagan boʻlib, achinarlisi, ular orasida 3 yildan buyon maktabga bormayotgan oʻquvchi ham bor.

Xuddi shu mahallada ijaraga olingan yana bir xonadonda ham poytaxtning Mirzo Ulugʻbek tumanida yashovchi, 1977 y.t., shaxs joriy yilning iyun oyidan buyon 10 nafar voyaga yetmagan bolalarga noqonuniy diniy taʼlim berib, evaziga har biridan 100 AQSh dollari hamda yegulik uchun oziq-ovqat mahsulotlarini talab qilgan.

U huquq tartibot organlari tomonidan xonadonda tekshiruvlar oʻtkazilishi ehtimolini hisobga olib, bolalarni yashirish uchun qoʻlbola yertoʻla qurdirgan. Mazkur yertoʻla, yaʼni “quduq” temir qopqoq bilan yopilib, tosh va qum bilan berkitilgan.

Har ikki holat boʻyicha maxalla fuqarolar yigʻinida sayyor sud oʻtkazilib, ushbu shaxslar MJtKning 241-moddasi asosida javobgarlikka tortildi.

Taʼkidlash joizki, ular noqonuniy diniy taʼlim berishda maxsus gologrammaga ega boʻlmagan, norasmiy shaklda chop etilgan mavzuga oid adabiyotlar va turli qoʻlyozmalardan foydalangani aniqlandi.

Xoʻsh, bu kabi adabiyot va qoʻlyozmalar oʻzi qayerda chop etilmoqda?

Mazkur yoʻnalishda Fargʻona viloyatida olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash bilan bogʻliq holat aniqlandi.

Buvayda tumanida yashovchi, 1991 y.t. fuqaro yashash xonadoni va oʻziga tegishli umumiy ovqatlanish shoxobchasida bosmaxona tashkil qilib, diniy mazmundagi kitoblarni chop etish bilan shugʻullangan. Maʼlum boʻlishicha, u mazkur kitoblarni Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlaridagi kitob doʻkonlariga yetkazib bergan.

Oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida kelgusida sotish maqsadida tayyorlab qoʻyilgan 1210 dona kitob, 2000 dona yarim tayyor holatga keltirilgan bosma mahsuloti hamda 6 ta chop etish dastgohlari ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olindi.

Taʼkidlash lozimki, ushbu shaxs 2024 yilning iyul oyida muqaddam diniy mazmundagi kitoblarni qonunga xilof ravishda chop etgani uchun Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning tegishli moddasi bilan jarimaga tortilgan boʻlsa-da, yana noqonuniy harakatlarini davom ettirgan.

Hozirda, mazkur shaxsga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish jamiyatda konfessiyalararo totuvlik hamda diniy bagʻrikenglik buzilishiga olib keladigan, diniy zoʻravonlik va boshboshdoqlikka chorlaydigan gʻoyalar hamda qarashlar tarqalishining oldini olish maqsadida dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi.

Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid