Jizzaxda bir qator IIB mansabdorlariga chora koʻrildi
Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhining Jizzax viloyatidagi kompleks inspektorlik tekshiruvi yakunlariga bagʻishlangan tanqidiy yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Unda faoliyati davomida jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻygan bir guruh rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy taʼsir choralari koʻrildi.
Jumladan, viloyat IIB JXD Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Viloyat IIB boshligʻi oʻrinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshligʻiga “Hayfsan” intizomiy jazosi eʼlon qilindi.
Shuningdek, Jizzax shahar va Sharof Rashidov tumani IIB boshligʻi va barcha oʻrinbosarlarining faoliyatiga 9 oy yakuni boʻyicha baho berilishi belgilandi.
Yigʻilish davomida masʼul rahbarlarning axborotlari tinglandi, takliflar koʻrib chiqildi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar belgilab olindi, deyiladi IIV xabarida.