Xitoy bilan savdo aloqalari yanada osonlashmoqda
“Mikrokreditbank” AQShning yetakchi moliyaviy instituti bilan hamkorlikda BNY Mellon bankida hisob raqami ochdi.

31 iyul kuni “Mikrokreditbank” ATB va AQShning yetakchi moliyaviy instituti bilan hamkorlik doirasida BNY Mellon bankida Xitoy yuanida korrespondentlik hisob raqami ochildi.
Mazkur hamkorlik bank va mijozlar uchun bir qator muhim imkoniyatlarni taqdim etadi. Xususan:
- Savdo iqtisodiy aloqalar uchun qulaylik: yuandagi hisob raqami orqali toʻlovlar Xitoy kompaniyalari bilan bevosita amalga oshiriladi, bu esa Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi savdo aloqalarini yanada osonlashtiradi. Bu, shuningdek, import-eksport operatsiyalarini tezlashtiradi.
- Xalqaro hisob-kitoblardagi yangi bosqich: bankning Xitoy yuanida transchegaraviy toʻlovlarni amalga oshirish imkoniyati, xalqaro moliya bozorida raqobatbardoshlikni oshiradi va bankning global moliyaviy infratuzilmasini kengaytirishga yordam beradi.
- Mijozlar uchun keng imkoniyatlar: yuridik va jismoniy shaxslar uchun toʻlov tizimining tezkorligi, samaradorligi va xavfsizligi yaxshilanadi. Bu xususan Xitoy bilan savdo qiluvchi tadbirkorlar uchun juda muhimdir, chunki ular koʻproq iqtisodiy foyda olishlari mumkin.
- Strategik hamkorlik: BNY Mellon bilan olib borilayotgan hamkorlik Oʻzbekistonning moliya sektori uchun strategik ahamiyatga ega. Bu hamkorlik nafaqat moliyaviy infratuzilmani mustahkamlashga yordam beradi, balki Oʻzbekistonning xalqaro iqtisodiyotda yanada faol ishtirok etishiga zamin yaratadi.
- Global darajadagi xizmatlar: “Mikrokreditbank” ATB oʻz mijozlariga global darajada qulay moliyaviy xizmatlarni taklif qilishda davom etishi kutilmoqda, bu esa ularning biznes faoliyatini kengaytirishlariga yordam beradi.
Maʼlumot uchun, BNY Mellon – dunyodagi eng yirik va eng qadimiy banklardan biri boʻlib, 100 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi. Yuandagi hisob raqami ochilishi bankimizda nafaqat moliyaviy infratuzilmani mustahkamlaydi, balki Oʻzbekistonning tashqi iqtisodiy aloqalarida yangi bosqichni boshlab beradi.
Umuman olganda, bu qadam “Mikrokreditbank” ATBning xalqaro miqyosda oʻsishini taʼminlashga va Oʻzbekiston iqtisodiyotining rivojlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatishga xizmat qiladi.
Bank Axborot xizmati