Tramp Rossiya bilan yadro urushiga tayyorligini aytdi
AQSh prezidenti tarmoqda Dmitriy Medvedev bilan tortishib qoldi, soʻngra Rossiya yaqiniga atom suvosti kemalarini yuborishni topshirdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Qoʻshma Shtatlar Rossiya bilan yadro urushiga tayyor ekanini aytdi.
Bu haqda u Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi oʻrinbosari Dmitriy Medvedevning bayonotlariga javoban gapirgan.
"Medvedev yadro quroli haqida gapirgan edi. Yadro quroli haqida gap ketganda, biz doim xushyor boʻlishimiz kerak. Oʻylaymanki, biz Rossiya bilan yadroviy mojaroga toʻliq tayyormiz", dedi AQSh prezidenti jurnalistlarga.
Tramp va Medvedev oʻrtasidagi dahanaki tortishuv
Soʻnggi vaqtlarda internet tarmogʻida Tramp va Medvedev oʻrtasida dahanaki jang avjiga chiqdi.
1 avgust kuni Donald Tramp Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi oʻrinbosari Dmitriy Medvedev bilan oʻzaro kelishmovchilikdan soʻng yadroviy suv osti kemalarini “tegishli hududlarda” joylashtirish buyrugʻini eʼlon qildi.
Hammasi Donald Trampning Rossiyadan Ukraina boʻyicha 10 kun ichida tinchlik bitimi tuzishni talab qilganidan keyin avj oldi.
Medvedev Trampning bu qarorini X ijtimoiy tarmogʻida" tahdid va urush sari qadam" deb atadi.
Tramp 1 avgust kuni Hindistonga 25 foizlik boj joriy etilishini eʼlon qilib, uni Moskva bilan mustahkam aloqada aybladi.
"Hindiston har doim oʻzining harbiy texnikasining katta qismini Rossiyadan sotib olgan va Xitoy bilan bir qatorda Moskvadan ham energiyaning eng yirik xaridori hisoblanadi, shu bilan birga hamma Rossiya Ukrainada odam oʻldirishni toʻxtatishini xohlaydi”, dedi Tramp.
Shundan soʻng Tramp mavzuga oid post yozib, Medvedevni tilga oldi: "Hindistonning Rossiya bilan nima qilishi menga farqi yoʻq. Ular oʻz iqtisodlarini birgalikda yoʻq qilishlari mumkin. Biz Hindiston bilan juda kam hamkorlik qilamiz, ularning tariflari juda baland, deyarli dunyodagi eng yuqori koʻrsatkich. Rossiya va AQShning hamkorlikda deyarli hech qanday aloqasi yoʻq", dedi u. Shuningdek u Medvedevni "omadsiz prezident" deb atadi.