platina.uz
Jamiyat

Oʻzbekiston xorijda boʻlgan fuqarolarini majburiy OIV testdan oʻtkazadigan ilk mamlakatga aylanmoqda

Bu haqdagi qonunni senat maʼqulladi. Bu ayniqsa mehnat muhojirlarini qiynab qoʻyadi. Jamoatchilik esa eʼtirozlarini toʻxtatmayapti.

Oʻzbekiston xorijda boʻlgan fuqarolarini majburiy OIV testdan oʻtkazadigan ilk mamlakatga aylanmoqda

Uzluksiz 90 kun va undan ortiq muddat davomida chet elda boʻlib qaytgan 18 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolarini majburiy OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish belgilanmoqda.

Senat kecha yalpi majlisda “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi, “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi va “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi qonunlarga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni maʼqullagan.

OIV testi Oʻzbekiston fuqarolari uchun davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Oʻzbekistonga kelgan chet el fuqarolari esa oʻz mablagʻlari, ish beruvchining yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, OIV/OITS va sil kasalligi aniqlanishi Oʻzbekiston hududida mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnoma berishni rad etish uchun asos boʻlishi belgilanmoqda.

Jamoatchilik eʼtirozlari

Iqtisodchi bloger Otabek Bakirov senatni bahsli qonunlarni filtr qilolmaslikda ayblagan.

"Yaxshi xabar yoʻq: senatorlar Odam IMEI qonunini maʼqullab berishgan

Senat bahsli qonunlardan yana bittasi boʻyicha, afsuski, kutilgan filtr vazifasini bajara olmagan. Oʻzbekiston xorijda boʻlgan fuqarolarini majburiy OIV testdan oʻtkazadigan birinchi mamlakatga aylanadi.

Inson huquqlari va Oʻzbekiston qabul qilgan konvensiyalar masalasini qoʻya turaylik, butun mohiyati boʻyicha xuddi UzIMEI singari ishlaydigan Odam IMEI majburiyati byudjetga yuzlab milliard qoʻshimcha xarajatlarni yuklaydi (byudjet toʻlib-toshishni boshladi-ku). Millionlab oʻzbekistonliklarni ovorai sarson qilish evaziga qaysidir choʻntak tayyor buyurtmalarga ega boʻladi (postpandemiya paytidagi Maxsus komissiyadan soqqa-yorliq olgan aeroportdagi qimmat va majburiy testlar esingizdadir?).

Endi qiziq, Odam IMEI’dan oʻtmaganlarning ID kartasini oʻchirib qoʻyishadimi (UzIMEI tovonini toʻlamaganlarning telefonini oʻchirib qoʻyishgani singari)? Yoki bahordan qishgacha xorijda ishlab yo oʻqib, yangi yilga yo hayitga 3 kunga kelgan vatandoshlarni qaytib Oʻzbekistondan chiqarmay qoʻyishadimi? Yangi taqiq ijrosi uchun yana qanaqa taqiqlar oʻylab topilarkin? Undan koʻra oʻsha qaysidir choʻntak ishlab topmoqchi boʻlayotgan falon yuz milliardni boshimizdan aylantirib sadaqa berish arzon tushmaydimi?"

"Aytaylik, boshqa, normal davlatlardagi kabi, hududlar va odamlar manfaatini ifoda etuvchi Senatimiz boʻlganida, bunaqa antiijtimoiy qonunlarni muhokamaga kiritmay qaytargan boʻlardi. Oʻzbekiston nomi, imiji, ochiqlik va xalqparvarlik siyosatiga zid bu deya, yalpi yigʻilish vaqtini toʻgʻri taqsimlash uchun Tashqi ishlar vazirini chaqirgan, nega Qozogʻiston Albaniya, Serbiya va Chernogoriya bilan vizasiz rejimiga ega, qozoq qardoshlardan qayerimiz kam, nega vizasiz davlatlar soni boʻyicha “Qirgʻizistondan orqadamiz” deya masalani koʻndalang qoʻygan boʻlardi".

Iqtisodchi Botir Kobilov:

“Masalan men buni topshirmoqchi emasman. Aeroportdan kirgʻazishmaydimi yoʻq desam? Mayli, nachora deyman”.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid