Toshkent xalqaro aeroporti xavfsizlik nazoratchisi qoʻlga olindi
U ishga joylab qoʻyish uchun oʻnga yaqin fuqarodan 500-1000 AQSh dollari miqdorida pul olganligiga iqror boʻlgan.

Fuqaroni aeroportga ishga kiritmoqchi boʻlgan nazoratchi qoʻlga olindi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti Aviatsiya xavfsizlik xizmati qoʻriqlash boʻlinmasi nazoratchisi poytaxtda istiqomat qiluvchi fuqaroni aeroportda faoliyat yurituvchi mansabdor tanishlari orqali Qoʻriqlash boʻlinmasi nazoratchisi lavozimiga ishga kiritib qoʻyishini aytib, evaziga 500 AQSh dollari talab qiladi.
DXX va IJQK Departamenti hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda ushbu uddaburon nazoratchi talab qilingan 500 AQSh dollari pul mablagʻini firibgarlik yoʻli bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Dastlabki surishtiruv davomida, mazkur shaxs aeroportga ishga joylab qoʻyish uchun oʻnga yaqin fuqarodan 500-1000 AQSh dollari miqdorida pul olganligiga iqror boʻldi.
Unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 1-qismi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hozirda ushbu shaxsdan jabr koʻrgan boshqa fuqarolarni aniqlash yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq MIB, soliq va hokimlik markazi xodimlari qoʻlga olingandi.