Giyohvandlik boʻyicha ishonch telefoni ishga tushirildi
Oʻzlarini koʻrsatishdan uyaladigan va tortinadigan bu toifa kishilarni eshituvchi va anonimligini kafolatlovchi bunday tizim avval yoʻq edi.

Aholiga narkologiya xizmati imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida murojaat maxfiyligi kafolatlangan koll-markaz faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Koll-markaz raqami: +998 55 515-45-65 (ish vaqti: 7/24).
Bu giyohvandlik bilan bogʻliq muammosi mavjud shaxslar va ularning yaqinlari respublikaning istalgan nuqtasidan narkologiya muassasasiga qatnamasdan, oʻzi haqidagi shaxsiy maʼlumotlarni sir saqlagan holda maxfiy narkologik maslahat olish imkonini beradi.
Qayd etish kerak, giyohvandlikka bilib-bilmay kirib qolgan yoki shunday deb oʻylagan odamlar oʻzlarini koʻrsatishdan uyaladi, jamiyat oldida andisha qiladi yoki qoʻrqadi. Bu markaz orqali ularning shaxsi mutlaqo sir saqlanadi.
Qoʻngʻiroq qilib bogʻlanganlar oʻzi yoki yaqini bunday baloga qanday kirib qolgani, birinchi belgilar kuzatilganda nima qilish kerakligi haqida bepul maslahatlar olishlari mumkin.