Chorvoqda kurort qurish boʻyicha jiddiy talablar ishlab chiqildi
Ozarbayjon kompaniyasi u yerda yangi turizm hududi qurib, atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazishi mumkinligi keng muhokama qilinayotgan edi.

Soʻnggi oylarning eng muhokamada boʻlib turgan mavzu – Sea Breeze loyihasi yuzasidan hukumat qarori qabul qilinishi kutilmoqda. Bu haqda Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev maʼlum qildi.
Jumladan, Toshkent shahrini ichimlik suvi bilan taʼminlovchi Chorvoq va Chirchiq daryosiga suv tushirilmaydi. Investor ushbu loyiha uchun suvni qayta ishlaydigan va yana oʻziga ishlatadigan zamonaviy tizim yaratadi, bu borada xarajatlar toʻliq investor hisobidan amalga oshiriladi.
Hukumat qarorida agar qoidalar buzilsa va Chorvoqqa bir tomchi suv tushirilsa ham, loyiha qurilishi toʻxtatilishi hamda investitsiya shartnomasi bekor qilinib, yer olib qoʻyilishi qatʼiy belgilab qoʻyilmoqda.
Bosh prokuratura kurort hududida barcha shaharsozlik va ekologik meʼyorlarga rioya etilishini alohida nazoratga oladi. Vazirlar Mahkamasi va Bosh prokuratura dastlabki loyiha yechimlaridan tortib, obʼektlarni foydalanishga topshirishgacha boʻlgan barcha jarayonlarning shaffofligi va qonuniyligini taʼminlashga masʼul boʻladi.