Suv omborlariga "aqlli" hisoblagichlar oʻrnatilib, suv miqdori onlayn kuzatiladi
"Raqamli qishloq xoʻjaligi" integratsion platformasi ishga tushiriladi. Endi dalasiga nima ekishni fermerning oʻzi hal qiladi va platformaga kiritadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 iyul kuni qishloq xoʻjaligida kosmik maʼlumotlardan foydalanish va raqamlashtirish chora-tadbirlari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.
Bu kecha boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishining mantiqiy davomi. Meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini koʻpaytirish masalasi koʻrib chiqilar ekan, davlatimiz rahbari yerdan unumli foydalanish, samaradorlikni oshirish yoʻllarini koʻrsatgan edi.
Buning uchun aniq hisob-kitob va tahlil juda zarur. Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan “Oʻzbekkosmos” agentligi shunday imkoniyat bermoqda. 2024 yil 14 oktabrdagi Prezident farmoniga muvofiq, iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik texnologiyalar joriy etilmoqda.
Jumladan, bu qishloq va suv xoʻjaligidagi haqiqiy holatni, kamchiliklarni ochiq-oydin koʻrsatib berayapti. Ikki yil mobaynida sohada foydalanilayotgan 4 million gektardan ziyod yerlar kosmik monitoring qilindi. Aniqlanishicha, hisobotlarda koʻrsatilgan ayrim maydonlarda paxta ekilmagan, baʼzan esa zaxiradagi yoki egasi nomaʼlum yerlarga ekilgan.
Shu bois davlat tomonidan ajratiladigan imtiyozli kreditlarning maqsadli ishlatilishini masofaviy monitoring qiladigan tizim yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.
Iqlim oʻzgarishi va suv taqchilligidan kelib chiqib, yurtimizda kam suv talab qiladigan yangi navlar va agrotexnologiyaga oʻtilmoqda. Lekin ekinlarni sugʻorishda suv sarfi meʼyori hozirgi haqiqatdagi talabga javob bermasligi koʻrsatib oʻtildi. Gidromodul rayonlashtirish yondashuvi ham eskirgan. Oqibatda kanallar oxirida joylashgan 3 mingdan ziyod fermerga suv yetib bormayapti.
Qishloq va suv xoʻjaligi tizimidagi ilmiy institutlarni jalb qilgan holda sugʻorish meʼyori va gidromodul rayonlashtirishni toʻliq yangilash vazifasi qoʻyildi.
Fermerlar sarflayotgan suvning haligacha aniq hisobi yoʻqligi qayd etilib, buning barcha bosqichlarini raqamlashtirish, suvning konturma-kontur hisobini yuritish zarurligi taʼkidlandi.
Suv omborlari sigʻimi ham loyihaviy quvvati boʻyicha hisoblanib kelinar edi. Soʻnggi ikki yilda 60 ta yirik suv ombori ilk bor batimetrik tahlildan oʻtkazildi. Loyqa choʻkkani sababli ayrimlarining sigʻimi kamaygani aniqlandi.
Shu bois barcha suv omborlariga “aqlli” hisoblagichlar oʻrnatib, suv miqdorini onlayn kuzatish, ulardagi loyqani kamaytirish vazifalari koʻrsatib oʻtildi.
– Yer bilan suv qishloq xoʻjaligimiz taqdirini hal qiluvchi masala, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yigʻilishda sohani raqamlashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Hozir fermerlar yer, kredit, subsidiya va agroxizmatlar boʻyicha 30 dan ortiq platformadan foydalanyapti. Buni osonlashtirish uchun ular birlashtirilib, “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsion platformasi ishga tushiriladi.
Endi dalasiga nima ekishni fermerning oʻzi hal qiladi. Buni platformaga ham uning oʻzi kiritadi. Natijada asosiy, takroriy va toʻqsonbosti ekinlar miqdori oldindan koʻrinadi. Bu oziq-ovqat xavfsizligi, narx-navo barqarorligi va dehqonlarning daromadida juda muhim.
Bosh vazir oʻrinbosari J.Qoʻchqorov boshchiligida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha komissiya tuzilishi belgilandi. Yetishmayotgan mahsulotni koʻpaytirish uchun imtiyozli kredit va subsidiya beriladi.
Sohada uchuvchisiz apparatlardan foydalanish ham rejalashtirilmoqda. Kuzda 100 dan ziyod zamonaviy dron olib kelinadi. Mutasaddilarga xususiy sektorni jalb etib, fermerlarga dronlar yordamida xizmatlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Somonpoyalarni yoqishga chek qoʻyishning qonuniy asoslarini yaratish zarurligi aytildi.
Kosmik tadqiqotlarda qurilish, kadastr, noruda konlari, oʻrmon va yaylov yerlari boʻyicha ham tahlillar borligi taʼkidlanib, vazirlar va hokimlarga ularni oʻrganib, rejalar ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.