Pedagoglar va iqtidorli oʻquvchilar 12 kunlik dam olish maskanlariga yuboriladi
Har bir hududda maskanlarga dam oluvchilarni saralash uchun komissiyalar tashkil etiladi.

Pedagoglar va iqtidorli oʻquvchilarni dam olish maskanlariga qabul qilish tartibi belgilandi.
Hukumat qarori (474-son, 29.07.2025 y.) bilan “Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi dam olish maskanlariga dam oluvchilarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga koʻra, maskanlarga yoʻllanmalar yil davomida berilib, u yerda dam olish 12 kunlik kun tartibi asosida amalga oshiriladi.
Dam olish har yili quyidagi muddatlarda tashkil etiladi:
- Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (Vazirlik) tizimi xodimlari va ilgʻor pedagoglar uchun – sentabr-may oylarida;
- iqtidorli oʻquvchilar uchun – iyun-avgust oylarida.
Har bir hududda maskanlarga dam oluvchilarni saralash uchun komissiyalar tashkil etiladi.
Komissiyalar tomonidan maskanlarga 7-14 yoshli iqtidorli oʻquvchilar belgilangan mezonlar asosida tanlab olinadi.
Shuningdek, dam olish maskaniga quyidagi ilgʻor pedagoglar tanlab olinadi:
- xalqaro olimpiadalar gʻoliblarini tayyorlagan oʻqituvchilar;
- oʻqituvchi boʻlib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar gʻoliblari;
- xorijiy til va STEAM fanlaridan mutaxassisligi boʻyicha xalqaro sertifikatlarga ega oʻqituvchilar;
- asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi gʻoliblarini tayyorlagan oʻqituvchilar;
- respublika bosqichidagi koʻrik-tanlovlarda faxrli oʻrinlarga ega boʻlgan oʻqituvchilar;
- oliy va 1-malaka toifasiga ega boshlangʻich sinf oʻqituvchilari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagoglari;
-asosiy olimpiadalarning viloyat bosqichi gʻoliblarini tayyorlagan oʻqituvchilar.
Belgilangan mezonlar boʻyicha dam oluvchilarga ketma-ketlik asosida yoʻllanmalar beriladi.