Parlamentdagi muxolifatning huquqlari kengaytiriladi
Muxolif partiya Qonunchilik palatasining 1 nafar qoʻmita raisi va 2 nafar qoʻmita raisi oʻrinbosari lavozimlarini kafolatli egallashi mumkin.

Parlamentdagi muxolifatning kafolatlangan huquqlari kengaytiriladi.
Qonun (OʻRQ–1077-son, 30.07.2025 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Qonun bilan ayrim qonunlarga oʻzini parlamentdagi muxolifat deb eʼlon qilgan siyosiy partiya fraksiyasiga bir qancha qoʻshimcha huquqlar berishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritildi.
Qonun hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, oʻzini parlamentdagi muxolifat deb eʼlon qilgan siyosiy partiya fraksiyasi quyidagi huquqlarga ega boʻlishi koʻzda tutildi:
- oʻz vakillari Qonunchilik palatasining 1 nafar qoʻmita raisi va 2 nafar qoʻmita raisi oʻrinbosari lavozimlarini kafolatli egallashi;
- qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqilguniga qadar ham oʻsha masalaga doir qonun loyihasi yoki uning tarkibiy qismining muqobil tahririni kiritish;
- har chorakda "hukumat soati" va parlament soʻrovi doirasida masala kiritish.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Eslatib oʻtamiz, Qonunchilik palatasida Xalq demokratik partiyasi oʻzini muxolifat deb eʼlon qilgan.