Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri tasdiqlandi
Sobiq vazir Hilola Umarova Prezident administratsiyasi rahbari oʻrinbosari etib tayinlangandi.

Qonunchilik palatasi deputatlari Eʼzozxon Karimovani Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri lavozimiga tasdiqladilar.
Bu haqdagi prezident farmoni bugun imzolanishi kutilyapti. Karimova shu paytgacha vazir oʻrinbosari va Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti rektori boʻlib ishlayotgandi.
U Namangan viloyatida tugʻilgan. Faoliyatini Kosonsoy tumanidagi maktablarda turli lavozimlarda boshlagan. Keyinroq Toshkent axborot texnologiyalari universitetida faoliyat yuritgan.
2023-2024 yillarda “Yangi Oʻzbekiston” universiteti yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektor, 2024 yilda ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi direktor maslahatchisi boʻlgan.
Eslatib oʻtish kerak, sobiq vazir Hilola Umarova Prezident administratsiya rahbarining taʼlimni isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari etib tayinlangan edi.