Tramp Putinga 10 kun muhlat berdi
Bu kunlar ichida Rossiya Ukrainadagi urushni toʻxtatishi kerak.

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyaga Ukrainadagi mojaroga barham berish uchun 10 kun muhlat berdi.
Unga koʻra, kun hisobi "bugundan" boshlanadi. Trampga koʻra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin mojaroning davom etishidan manfaatdor.
"Keyin biz bojlar va hokazolarni joriy qilamiz... Va ular Rossiyaga qanchalik taʼsir qilishini bilmayman. Chunki u urushni davom ettirishni xohlayotgani aniq", - dedi Tramp samolyot bortida jurnalistlarga. Audio eshittirish Oq uy tomonidan Youtube kanalida olib borilgan.
AQSh prezidentining qoʻshimcha qilishicha, u tovar bozorlari Rossiyaga nisbatan mumkin boʻlgan cheklovlarga qanday munosabatda boʻlishidan “xavotirda emas”.
28 iyul kuni Donald Tramp Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi kelishuvga erishish uchun avvalroq berilgan 50 kunlik muddatni qisqartirdi. AQSh prezidenti Istanbuldagi Rossiya-Ukraina muzokaralarida muvaffaqiyat qozonmaganidan norozi ekanini aytdi. U Rossiya bilan biznes yurituvchi davlatlarga nisbatan sanksiyalar qoʻllash bilan tahdid qilgan.