Oʻzbekiston Suv kodeksi tasdiqlandi
Suvdan umumiy foydalanish ruxsatsiz va cheklovlarsiz amalga oshiriladi. Vazirlar Mahkamasi huzurida Respublika suv kengashi tashkil etiladi.

Qonun (OʻRQ–1076-son, 30.07.2025 y.) bilan Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi tasdiqlandi.
Kodeks suv, suv obʼektlari, suv xoʻjaligi obʼektlari va suv fondi yerlaridan oqilona foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Kodeksga koʻra, suv umummilliy boylikdir, undan oqilona foydalanish lozim va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
Suvdan foydalanish umumiy va maxsus foydalanishga boʻlinadi.
Suv obʼektlarining toifalari jumlasiga quyidagilar kiradi:
- Oʻzbekistonning yer usti va yer osti suv obʼektlari;
- Oʻzbekistonda joylashgan va uning hududini kesib oʻtadigan transchegaraviy yer usti va yer osti suv obʼektlari.
Suv obʼektlari tanho yoki birgalikda foydalanishda boʻlishi mumkin.
Suv resurslarini boshqarishda qarorlar qabul qilish maqsadida respublika va havzalar, zarur hollarda hududlar darajasida kollegial-maslahat organi shaklida suv kengashlari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi huzurida Respublika suv kengashi tashkil etiladi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.
Kodeksga koʻra, suv obʼektlari doimiy yoki vaqtincha foydalanishga, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlarga asosan foydalanishga beriladi.
Suv obʼektidan vaqtincha foydalanish muddati 3 yildan kam boʻlmasligi va 49 yildan oshmasligi kerak.
Suvdan umumiy foydalanish jumlasiga quyidagilar kiradi, jumladan:
- oʻzining ichimlik va xoʻjalik-maishiy ehtiyojlari uchun suv olish;
- choʻmilish;
- chorva mollarini sugʻorish;
- sport va havaskorlik yoʻli bilan baliq ovlash.
Suvdan umumiy foydalanish ruxsatsiz va cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Suvdan maxsus foydalanish Kodekda belgilangan hollarda ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, suv servituti quyidagi maqsadlarda belgilanishi mumkin, jumladan:
- suvdan umumiy foydalanish;
-fuqarolar va transport vositalarining oʻtishi;
- hayvonlarni sugʻorish va chorva mollarini haydab oʻtish;
- sohil boʻyi zonalaridan erkin foydalanishni va undan oʻtishni taʼminlash.
Suv servituti ommaviy va xususiy suv servituti shaklida boʻlishi mumkin.