Koʻzi boylangan adolat Oʻzbekistonda "tugʻilmaganmikin"?
Huquq himoyachilarining oʻzi qizlarni zoʻrlasa, sudlar hokim yo prokurordan qoʻrqib titrab tursa, sudlov tizimiga ishonch butkul yoʻq boʻlsa, shunday oʻylar xayolga kelarkan...
Boshqa yurtda tugʻilganida koʻzi ochiq boʻlarmidi...

Joriy yilning iyun oyida Senat yalpi majlisida Qashqadaryo viloyatidan senator Abdurahim Erkayev Oʻzbekiston sud-huquq tizimining bugungi holatini keskin tanqid qildi. Uning soʻzlariga koʻra, amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga qaramay, aholining sudlarga boʻlgan ishonchi pasaymoqda, mamlakat xalqaro reytinglarda oʻz oʻrnini yoʻqotmoqda.
U Butunjahon adolat loyihasi qonun ustuvorligi indeksi maʼlumotlarini keltirdi, unda Oʻzbekiston 83-oʻringa tushib, 5 pogʻonaga, fuqarolik sudlovi boʻyicha esa 10 pogʻonaga yomonlashib, 106-oʻrinni egallagan.
Senator 2023 yilda yangi Konstitutsiya qabul qilinganiga va qonunchilik bazasini mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlarga qaramay, bu kutilgan samara bermayotgani, sudlar hamon korrupsiyalashgan holatda, qarorlar ijrosi past darajada qolayotganini taʼkidladi. Shuningdek, sudyalarga qoʻngʻiroqlar orqali taʼsir qilish holatlari toʻxtamagani, ularning kasbiy tayyorgarligi yetarli emasligini tanqid qildi.
“Biz hatto Afrikaning ayrim davlatlaridan ham ortda qolyapmiz”, dedi Erkayev va vaziyatni taraqqiyot emas, balki orqaga qaytish deb atadi. U aholining adliya tizimiga ishonchini tiklash uchun zudlik bilan tizimli choralar koʻrishga chaqirdi.
Islohotlar davri
Tan olish kerak, Oʻzbekistonda barcha sohalar qatori sud-huquq faoliyati ham oʻtgan yillar davomida qator islohotlar va evrilishlarga uchradi. Ayniqsa, 2017 yilda boshlangan tub islohotlar diqqatga molik. Mazkur soha nafaqat shaklan, balki mohiyatan ham takomillashtirilishiga umid paydo boʻldi. Sud hokimiyati mustaqilligi va tizimning ochiqligini mustahkamlashga qaratilgan koʻplab qonunlar va boshqa meʼyoriy hujjatlar qabul qilindi. Inson huquqlarini himoya qilish tizimini “Inson qadri uchun” tamoyili asosida yangi bosqichga koʻtarish, aholining huquqni muhofaza qilish tizimiga boʻlgan ishonchini mustahkamlashga qaratilgan keng koʻlamli amaliy ishlar boshlandi va davom ettirilmoqda.
2017 yilda Sudyalar oliy kengashi tashkil etilgani ham bu tuzilmaning xalqqa yaqinlashuviga xizmat qilishi mumkin. Bu kengash sudyalar, advokatlar va jamoatchilikdan iborat boʻlib, sudyalarni tanlash, tayinlash va attestatsiyadan oʻtkazish uchun javobgardir. Qayd etish joiz, 2023 yilning birinchi choragiga qadar sudyalarning 98,1 foizi yangilangani maʼlum qilingan.
Qamoqqa olish muddatlari qisqartirildi, tergov bilan kelishuvlar tuzish imkoniyati joriy qilindi, afv etish amaliyoti tatbiq etildi.
Bu davrda fuqarolar va davlat organlari oʻrtasidagi nizolarni koʻrib chiqish uchun maʼmuriy sudlar tashkil etildi. 2017-2023 yillar davomida 65 mingdan ortiq ish boʻlib, 58,6 foiz holatda fuqaroning daʼvosi qanoatlantirilgan.
Shuningdek, sudlov tizimida shaffoflik, ochiqlik va raqamlashtirish jarayonlari boshlandi. 2018 yildan boshlab sud qarorlari va taraflarga tushuntirishlar darhol eʼlon qilinishi belgilab qoʻyildi. Hamma sud majlislarida audioyozuv, videotranslyatsiya va “elektron sud” tizimi joriy etildi. “Bir sud – bir instansiya” yangi tizimida 2021 yildan boshlab nazorat instansiyalari bekor qilindi.
Sudlov tizimida himoyachilar – advokatura ham muhim oʻrin tutadi. Bu borada oʻzgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, nomzodlarga qoʻyiladigan talablar soddalashtirildi, stajirovkalar qisqartirildi; advokatlar soni 17 foizga oshdi, konsultatsiyalar soni 292 mingdan oshdi. Jinoyat ishlari boʻyicha 2,5 mingdan ortiq shaxs reabilitatsiya qilindi.
Davlat rahbari 2020 yilda oʻz maʼruzalaridan birida odil sudlov va korrupsiya reytingini joriy etish, advokatlarning rolini kuchaytirish choralarini koʻrish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Keyingi bosqichlarda Sudyalar maktabi tashkil etildi. Korrupsiya xavfini kamaytirish maqsadida sudyalar uchun immunitet kafolatlari va ijtimoiy himoyani oshirishga eʼtibor qaratildi.
Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini qoʻshimcha tergovga qaytarish amaliyotiga chek qoʻyilgani ham tizimdagi qonun buzilish va korrupsiya holatlarining oldini olishda muhim qadam boʻldi. Bu, oʻz navbatida, inson huquqlarini himoya qilishning ishonchli mexanizmidir. Chunki qoʻshimcha tergovga yuborish institutidan voz kechilishi, oqlov yoki ayblov hukmi chiqarish kabi masʼuliyatni zimmasiga olmagan sudyalarning “Otangga bor, onangga bor” qabilida ish yuritish holatlariga barham beradi.
Soʻnggi yillarda “Yangi Oʻzbekiston – yangi sud” tamoyili asosida sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, inson qadri ustuvorligi, ochiqlik va shaffoflik tamoyillarining amaliyotdagi ifodasi boʻlishi kutilmoqda.
2025 yilning 1 yanvaridan boshlab milliy amaliyotga tatbiq etilgan tergov sudyalari instituti orqali himoya kafolatlari mustahkamlanishiga qaratilgan.
Ammo, lekin, biroq...
“Yangi Oʻzbekiston – yangi sud” tamoyili asosida sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, inson qadri ustuvorligi, ochiqlik va shaffoflik tamoyillarining amaliyotdagi ifodasi boʻlishi shubhasiz. Shunga qaramasdan, sud tizimi faoliyatidagi barcha kamchiliklarga barham berildi, deyish qiyin. Prezident aytganidek, erishilgan muvaffaqiyatlarga qaramasdan, “odamlarimiz hali sud-huquq tizimidan rozi, deb aytishga hali erta”.
Davlat rahbari aytganidek, sudlarda ishlar hamon eskicha uslubda koʻrilmoqda, advokatlarning obroʻ-hurmati hamon juda past, tergovchilar esa oʻz ustida ishlamaydi. Adolat oʻrnatishga emas, kimlarningdir topshiriqlari asosida “ishlar” yasaladi. Hattoki buyruq boʻlsa, koʻchadagi “stolba”ni ham qamashga tayyor vallomatlar va kalamushlar koʻpaydi. Ichki ishlar organlariga keltirilgan yoki tergov qilinayotgan guvohlar yoki gumonlanuvchilarning oʻligi chiqish holatlari koʻpaydi. Tergovchilarda bilim va tajriba yoʻqligi bois, jinoyat va qonunbuzarliklarni ochishda faqat jismoniy qiynoq va ruhiy bosim vositasida, fuqarolarni qilmagan aybini ham boʻyniga olishga majburlash holatlari koʻpaygani bor gap. Bunday holatlar yuzasidan bir qancha tergovchi va ichki ishlar idoralari xodimlari sudlanib, jazoga ham tortilgani fikrimiz isboti.
Xususan, sudyalar koʻpincha ijro hokimiyati, prokuratura yoki mahalliy hokimlarning bosimi ostida qolmoqda. Shuningdek, sud qarorlariga aralashish, manfaatlar toʻqnashuvi soyasida sudyalarni tayinlashga taʼsir qilishga urinishlarga ham chek qoʻyishning imkoni boʻlmayapti.
Bir narsani unutmaslik kerakki, sud ishiga aralashuv nafaqat sudyaning qasamyodi, hatto Konstitutsiyamizning “Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga boʻysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi”, degan talabi buzilishiga olib keladi.
Qolaversa, psixologik jihatdan, boshqalarning iltimosi yoki buyrugʻini bajargan sudyada soxta “vijdon tinchligi” paydo boʻladi. Sudya “men boshqalarning buyrugʻini bajardim, ertaga javobini oʻshalar beradi, men emas” deya oʻzini aldashga, qalbini xotirjam qilishga urinadi.
Adolat yoʻq joyda iqtisodiyot xarob boʻladi
Sudlov tizimi orqali adolatni tiklashga ishonchning yoʻqolishi nafaqat xalq noroziligiga va davlatga, pirovardida kelajakka umidni soʻndiradi, balki iqtisodiyot uchun ham ogʻir zarba boʻlib tushadi. Mahalliy davlat idoralari va hokimiyat vakillarining noqonuniy qarorlari ustidan shikoyatlar va bu subʼektlar oʻrtasida kelib chiqqan nizolarni koʻrib chiqishda sudlar xolis pozitsiyada turmasa, tadbirkorlarning ham huquqlari buzilishi davom etadi. Oxir-oqibat ular yoki xufiyona iqtisodiyotga oʻtib ketishadi va davlat soliqlardan va nazoratdan mosuvo boʻladi, yoki yana bir tadbirkorlik va daromad manbai oʻz-oʻzidan yoʻq boʻladi.
Sudlov tizimining odilligi va shaffofligi darajasi yurtimizga investitsiya kiritmoqchi boʻlgan xorijliklar uchun asosiy mezon hisoblanadi. Eski maʼmuriyat davrida koʻplab yirik investorlar Oʻzbekistonda adolatsizlikka uchrab, pullari va molk-mulklaridan ajralib qolgani, ularning ayrimlari xalqaro arbitraj sudlariga shikoyat qilib, yutib chiqqani mamlakatdagi investitsion muhit borasidagi fikrlarni yomonlashtirdi, yurt obroʻsini toʻkdi, investitsion joziba havoga uchdi. Tasavvur qiling, oʻz nafsini va manfaatini boshqalardan ustun qoʻygan 3-4 ta xaromxoʻr tufayli butun davlat va millionlab fuqarolar daromadi va obroʻsini yoʻqotdi!
“Bir narsani tushuning: sarmoya kiritmoqchi boʻlgan investor, birinchi navbatda, oʻz huquqlarining sud orqali himoyasi qanchalik kafolatlanganiga eʼtibor qaratadi. Rahbarlar tushunsin: hech kimning sud faoliyatiga aralashishga haqqi yoʻq”, degandi Shavkat Mirziyoyev.
Sudlar faoliyatiga noqonuniy aralashuv
Prezident joriy yilning 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi milliy kengashning kengaytirilgan yigʻilishida sudlov tizimidagi korrupsiyaga alohida eʼtibor qaratdi. Oʻzbekistonda sud faoliyatida adolat va xolislikni taʼminlash uchun sudyalar va advokatlarning mustaqilligiga erishish muhimligini taʼkidladi.
Davlat rahbari amalga oshirilayotgan islohotlarga qaramay, Oʻzbekistonda sudyalarni yigʻilishlarga chaqirib, koʻrsatmalar berish hollari uchrayotganini qayd etdi. “Barcha rahbarlarni qattiq ogohlantiraman. Sudlar faoliyatiga har qanday aralashish adolatga hujum sifatida baholanadi. Buning ortida qatʼiy talab va qatʼiy javobgarlik boʻladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Darhaqiqat, bugungi kunda yangiliklarni kuzatib, hali u, hali bu sudyaning pora olgani yoki noxolis chiqargan qarori yuqori instansiyalarda bekor qilingani haqidagi xabarlarga koʻzimiz tushadi. Ayniqsa, viloyat sudlarining qaror va hukmlari bekor qilinayotgani ham sohadagi kamchiliklarni namoyon etadi.
Masalan, 2 yil avval shov-shuv koʻtargan, hattoki AQSh tomonidan xalqaro sanksiyalar kiritilishiga va butun dunyoga sharmanda boʻlishimizga sabab boʻlgan voqea – Xorazmdagi voyaga yetmagan yetim qizlarni zoʻrlagan va fohishalikka majbur qilgan, davlat qaramogʻidagi yetimxonani fohishaxonaga aylantirgan qoʻshmachi va pedofil amaldorlar ishi ham bunga misol. Mazkur ablahlar shu millatning soliqlari va boyliklaridan, unga berilgan imtiyoz vakolatlaridan foydalanib, yana tagʻin shu millatning qizlarini xoʻrlashi va zoʻrlashi – noshukrlikning, tuzini yeb tuzliqqa tupurishning eng dahshatli namunasi boʻldi. Bu jinoyatchilar orasida adliya tizimi mansabdor shaxsining borligi ham gʻoyat achinarli. Xalqimizda aytilganidek, “onangni qozi xafa qilsa, dardingni kimga aytasan?!”
Bu sharmandali holat mamlakatda xalqning hokimiyat va odil sudlovga ishonchini pasaytirib yubordi. Qonunchilikda birovni haqorat qilgani yoki shilqimlik uchun 5-7 yil real qamoq jazosi berilgani holda, yillar davomida ojiza yetim qizlarni qoʻrqitib, zoʻrlab kelgan amaldorlar viloyat sudi tomonidan atigi 1,5 yilga uy qamogʻiga hukm qilingani xalqning nafratiga sazovor boʻldi. Yaxshiyamki, Oliy sud masalani qayta koʻrib chiqdi va apellyatsiya sudi ularni 3 yilga, manzil koloniyada (saqlash sharoiti uy qamogʻiga deyarli teng maskanda) jazoni oʻtashga hukm qildi. Bunday ogʻir jazoni oʻtagan pedofil amaldorlar oʻz qilmishlaridan pushaymon boʻlishadi va bunday qatʼiy, prinsipial va keskin pozitsiya boshqa amaldorlarga ham ibrat boʻladi, degan umiddamiz.
Eng qaygʻuli jihati, Xorazmdagi tergovchilar va sudyaning noprofessional faoliyati, jinoyatni xaspoʻshlashga urinish boʻlgani aytiladi. Xoʻsh, viloyat sudining bunday yoʻl tutishiga nima sabab edi? Baʼzilar bu masalaga qaysidir manfaatdor shaxslar – yuqori lavozimdagi nusxalarning aralashib, sudga bosim koʻrsatgan boʻlishi mumkinligini taxmin qilishdi. Chunki har qanday sudyada vijdon va shaxsiy masʼuliyat bor, oʻzi tanimagan jinoyatchini, yana tagʻin hech kimi yoʻq, voyaga yetmagan, himoyasiz yetim qizchalarni zoʻrlab, fohishalik qilishga undagan nopok va razil amaldorlarning jazodan qutulib qolishiga hissa qoʻshishni istamaydi.
Ishonch bilan aytish mumkinki, sudlar rasman mustaqil ekaniga qaramay, voqelik va amaliyot hamon korrupsiya, tarafdorlik va ijro hokimiyatining aralashuvi mavjudligini koʻrsatmoqda. Masalan, mustaqil ekspertlarning baholashicha, prokurorlar ish yuritish boʻyicha keng vakolatlarga egaligi sudyalarning qaror qabul qilish erkinligini cheklayapti. Sudlar haqiqiy maʼnoda mustaqil boʻlmasa, sudyalarning hurmati va obroʻsini koʻtarmasak, sohada ijobiy oʻzgarishlarni kutish befoyda.
Masalan, BMTning sudyalar va advokatlar mustaqilligi boʻyicha maxsus maʼruzachisi Diyego Garsiya-Sayyan 2019 yilda yurtimizga tashrifi chogʻida Oʻzbekistonda sud mustaqilligi yuzasidan jiddiy qiyinchiliklar va muammolar bor ekanini bildirdi. Unga koʻra, sud mustaqilligiga eng birinchi jiddiy toʻsiq korrupsiya boʻlmoqda, xavfsizlik kuchlarining va prokuraturaning sudyalarga bosimi hamon saqlanib qolmoqda.
Xulosa qilib aytganda, tarkibiy oʻzgarishlarga qaramay, sudlarga ishonch pastligicha qolmoqda. Xalqaro reytinglarga koʻra, Oʻzbekiston sud tizimi hamon korrupsiyaga bogʻliq va zaif hisoblanadi.
Huquqiy savodxonlik va islohotlar koʻlami
Tan olish kerak, sudlov tizimida raqamlashtirish va targʻibot borasidagi katta islohotlar asosan markazda seziladi, chekka hududlarda vaziyat talab darajasida emas. Jarayonlarning ochiqligiga qaramay, fuqarolarda huquqiy savodxonlikning, ishonch va jurʼatning pastligi va islohotlarga shubha bilan qarash hamon saqlanib qolyapti. Davlat tuzilmalarining taʼsiri, apellyatsiya faoliyatining sustligi va fuqarolik huquqlarining zaif himoyasi qayta-qayta taʼkidlansa-da, yirik ijobiy oʻzgarishlar haqida hali gapirishga erta. Misol uchun, YeXHT monitoring missiyalari kuzatuvchilarning sudlarga kirishiga cheklovlar, ayblanuvchilarning shubhali iqrorlari va oʻzini himoya qilish usullaridan foydalanish imkoniyati cheklanganini muntazam taʼkidlab keladi.
Nima qilmoq kerak?
Doimo taʼkidlab kelinganidek, Oʻzbekistonda qonunlar bor, ammo ularga rioya etish, qonun ustuvorligini taʼminlash muammo. Demakki, qonunga rioya etilishi ustidan nazorat masuʼliyati yuklatilgan idoralar – prokuratura va boshqa tuzilmalar faoliyatini takomillashtirish ustuvor vazifa boʻlib qolaveradi. Turli idoralar yoki mansabdor shaxslar qonun doirasidan, yaʼni oʻz vakolatlari doirasidan chetga chiqishi, boshqa davlat idoralari, masalan, sudlov tizimiga “burun suqishga” va bosim qilishga urinishiga qatʼiy barham berilishi lozim.
Sudyalar obroʻsini tiklash, munosib nomzodlarni tayinlash mexanizmini takomillashtirish jarayonlari ham toʻxtab qolmasa, tez orada ijobiy samaralar berishi tayin. Tariximizda hatto hokimlar ham mahkamaga chaqirilsa, qozidan pastroqda, uning roʻparasida, daʼvogar bilan yonma-yon, choʻk tushib oʻtirgan. Hech kim qoziga hurmatsizlik qilishga, unga “aql oʻrgatishga” jurʼat eta olmagan. Oʻz navbatida qozilar eng ishonchli va aqlli, bilim va tajribali, obroʻli va vijdonli shaxslar orasidan tanlangan. Ular masalani har tomonlama oʻrganib, qonun tarozisida yetti oʻlchab bir kesgan holda hukm va qaror chiqarishga harakat qilishgan.
Shu bois, Sudyalar oliy kengashi nazoratni kuchaytirish, sudyalar mustaqilligini nafaqat qogʻozda, balki moddiy va psixologik jihatdan ham taʼminlash maqsadga muvofiq boʻladi.
Va albatta elektron sud tizimini ommaviy tatbiq etish ishlari surʼatini pasaytirmaslik, barcha sudlarda onlayn eshittirishlar va audioyozuvlar tatbiq etilishini taʼminlash ham juda muhim.
Bu jarayonda fuqarolarning huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirishga eʼtibor qaratish ustuvor vazifa boʻlib qolaveradi. Bu borada amaliy qadamlar qoʻyilishi, ehtimol tegishli dasturlar ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilishini kutib qolamiz.
Shu bilan birga, jahon amaliyotida mavjud mediatsiya, hakamlik sudlari va nizolarni hal etishning boshqa muqobil mexanizmlarini keng joriy etish borasida oʻylab koʻrish zarurga oʻxshaydi.
Va eng muhimi, OAV, jamoatchilik tashkilotlarining faoliyati va soʻz erkinligi taʼminlanishi shart. OAV xodimlari va blogerlar xuddi sanitar yoki shifokorlarga oʻxshaydi. Ular jamiyatdagi muammolarni, ijtimoiy “jarohat va xastaliklarni” fosh qiladi, ularga xalq eʼtiborini qaratadi va hal qilinishiga erishadi. Natijada butun tana – jamiyat sogʻlom holatda qoladi. Aks holda – uchinchi hokimiyat ovozi boʻgʻilsa, taʼqib ostiga olinsa – turli amaldorlar va idoralarning nopok va noqonuniy ishlari, oʻgʻirliklari “yopiq qozon” ostida qolib ketaveradi, hech kim bong urmaydi. Manfaatdor kuchlar esa bu “yara va jarohatlar”ni yashirishga urinib, ularning battar yiringlab ketishi va butun organizm – jamiyatni zaharlashiga, alal-oqibat davlatning qulashiga sabab boʻladi. Vijdonsiz va ochkoʻz amaldorlar hamda ularning aybini xaspoʻshlab, noxolis himoya qiladigan sudlar oʻz manfaatlari yoʻlida butun jamiyat va davlatni qurbon qilishdan boshqasiga yaramaydi.
Xulosa
2016-2025 yillarga moʻljallangan sud-huquq islohotlari Oʻzbekistondagi eng muhim islohotlardan biridir. Oʻtgan davr mobaynida mustaqil sud hokimiyatining institutsional asoslari yaratildi, shaffoflikni taʼminlashga urinishlar kuzatildi va raqamlashtirish jarayonlari boshlandi.
Biroq xalq kutayotgan haqiqiy oʻzgarishlar hali oldinda. Islohotlarning chekka hududlarga-da kirib borish zaruriyati saqlanib qolmoqda.
Nima boʻlganda ham, haq-huquqi poymol qilingan, turli adolatsizliklar tufayli jabr chekkan fuqarolarning haqiqat izlab boradigan, kafolatli himoya topadigan yagona maskani sud hisoblanadi. Chunki mazkur institutsional tizim faqat daʼvoni koʻrib chiqadigan organ emas, balki inson qadri, qonun nufuzi va xalqning davlatga boʻlgan ishonchini mustahkamlovchi asosiy mexanizmdir. Uning qarorlari nafaqat bir shaxs taqdiriga, balki jamiyatdagi barqarorlik, qonun ustuvorligi va ijtimoiy ishonch muhitiga ham katta taʼsir qiladi.
Yurtboshimiz aytganidek, sud binosiga kirgan odam, Oʻzbekistonda adolat gʻalaba qozonadi, degan ishonch bilan chiqib ketishi kerak. Zero, odamlar hamma narsaga chidashi mumkin, lekin adolatsizlikka chiday olmaydi.
Abulfayz Sayidasqarov