Kanada Falastinni tan olish masalasini koʻrib chiqadi
Buyuk Britaniya bosh vaziri ham Isroil Gʻazoda oʻt ochishni toʻxtatishga rozi boʻlmasa va tinchlikka qadam qoʻymasa Falastinni tan olishini aytgan.

Kanada bosh vaziri Mark Karni Vazirlar Mahkamasining virtual yigʻilishida Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qiladi. Yigʻilish bugun boʻlib oʻtishi kutilmoqda.
"Kanada hukumati Falastin davlatligini tan olish va bu jarayon maʼlum shartlar bilan boʻladimi yoki yoʻqligini koʻrib chiqmoqda", deydi hukumatdagi manba.
Shuningdek, Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer 29 iyul kuni, agar Isroil Gʻazoda oʻt ochishni toʻxtatishga rozi boʻlmasa, BMT yordami kirishiga ruxsat bermasa va uzoq muddatli tinchlik yoʻlida boshqa qadamlar qoʻymasa, Britaniya sentabr oyida Falastin davlatini tan olishini aytdi.
Karnining idorasiga koʻra, ikki yetakchi Gʻazodagi gumanitar inqiroz va Britaniyaning Falastin davlatini tan olishi mumkinligi haqidagi eʼlonini muhokama qilgan.
Avvalroq Fransiya Falastinni tan olishi haqida eʼlon qilgandi. Bu qaror AQSh va Isroil tomonidan sovuq kutib olindi.