Alibek Kabduraxmonov Oʻzbekiston davlat akademik katta teatriga direktor etib tayinlandi
Avval bu lavozimda Oʻzbekiston xalq artisti Ramiz Usmonov ishlab kelgandi.

Oʻzbekiston davlat akademik katta teatriga yangi direktor tayinlandi.
29 iyul kuni Madaniyat vazirligi binosida Oʻzbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligida navbatdan tashqari yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Unda tashkiliy masala koʻrildi. Yigʻilish davomida Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatri direktori, Oʻzbekiston xalq artisti Ramiz Usmonovning boshqa ishga oʻtishi munosabati bilan madaniyat vazirining tegishli buyrugʻiga asosan, teatr direktori lavozimiga tayinlangan Alibek Kabduraxmonov jamoaga tanishtirildi.
Alibek Kabduraxmonov 1984 yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. Oʻzbekiston Davlat Konservatoriyasining “Zarbli cholgʻu asboblari” mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan.
2005 yildan Oʻzbekiston Davlat konservatoriyasi qoshidagi musiqali teatr-studiya orkestri artisti. 2007 yildan Oʻzbekiston Milliy simfonik orkestri zarbli cholgʻu asboblari guruhining konsertmeysteri sifatida faoliyat olib borgan. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist unvoni sohibi.