platina.uz
Siyosat

Oʻzbekiston harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tashkil etiladi

Mudofaa vazirligining barcha harbiy taʼlim muassasalari institut maqomida ushbu universitet tarkibiga oʻtkaziladi. 

Oʻzbekiston harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tashkil etiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev harbiy taʼlim tizimini takomillashtirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Bu haqda shu yil 21 fevral kuni boʻlib oʻtgan Xavfsizlik kengashining yigʻilishida topshiriq berilgan edi. Shunga muvofiq, 20 dan ortiq xorijiy davlatning sohaga oid ilgʻor tajribalari oʻrganilib, harbiy taʼlimni isloh qilish boʻyicha yangi milliy model ishlab chiqildi.

Taklifga koʻra, Qurolli Kuchlar akademiyasi isloh qilinib, uning negizida Oʻzbekiston Respublikasi harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tashkil etilishi koʻzda tutilmoqda. Mudofaa vazirligining barcha harbiy taʼlim muassasalari – 5 ta institut, Serjantlar tayyorlash oliy maktabi hamda Aviatsiya va uchuvchisiz uchish apparatlari mutaxassislarini tayyorlash markazi institut maqomida mazkur universitet tarkibiga oʻtkaziladi. Bu markazlashgan vertikal tizimni hosil qilib, qoʻshinlarning jangovar salohiyatini oshirish, dual taʼlimni kengaytirish, ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladi.

Masalan, Serjantlar tayyorlash oliy maktabida armiyaning asosiy tayanchi boʻlgan serjantlarni oʻqitish, ularda yetakchilik qobiliyatini shakllantirish, zamonaviy qurollar va yangi taktik usullar boʻyicha koʻnikmalarini oshirishning yangi tizimi joriy etiladi.

Yangiliklardan yana biri – tor doiradagi ixtisosliklar boʻyicha “2+2” tartibi yoʻlga qoʻyilishidir. Yaʼni, psixolog, aloqachi, taʼminotchi, omborchi kabi 18 xil yondosh soha mutaxassislari boshqa oliy taʼlim muassasalarining 2-bosqich talabalari orasidan saralab olinadi.

Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida, yangi oʻquv yilidan boshlab, bitiruvchi bosqich kursantlari uchun tanlov asosida “Oliy Bosh Qoʻmondon” davlat stipendiyasi joriy etiladi. Mazkur stipendiya sohibi bakalavriatni tamomlaganidan soʻng 5 yil mobaynida oliy harbiy taʼlim muassasalarining magistraturasiga imtihonlarsiz qabul qilinadi.

Yana bir eʼtiborli jihati, endilikda oliy harbiy taʼlim muassasalarining 36 ta taʼlim yoʻnalishi bitiruvchilari biryoʻla ikkita diplom – fuqarolik va harbiy kasbga moʻljallangan mutaxassislik egasi boʻladi. Bu ularning harbiy xizmatdan keyin ham faol ishlashi imkonini beradi.

Ushbu islohotlarga yarasha harbiy pedagoglarni saralash va tanlashga ham talab kuchayadi. Jumladan, harbiy pedagoglarni yetakchi xorijiy davlatlarda oʻqitish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Taqdimotda ushbu takliflar maʼqullandi va ularni amaliyotga samarali tatbiq etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Avval pprezident Asaka tumani mansabdorlarini mukofotlagandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid