MIB, soliq va hokimlik markazi xodimlari qoʻlga olindi
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi bosh mutaxassisi esa 10 ming dollar olayotganda ushlandi.

Korrupsiyaga oid bir qator noqonuniy holatlar aniqlandi. Unda soliq, MIB va hokimlik xodimlari ushlandi.
Namangan viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi bosh mutaxassisi sud tizimidagi tanishlari orqali joriy yilning yanvar oyida 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan mahkumning ishini sudda qayta koʻrib chiqish va ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazoni tayinlash evaziga 30 ming AQSh dollari talab qiladi.
DXXning Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat IJQK Departamenti xodimlarini jalb qilgan holda oʻtkazilgan tezkor tadbirda bosh mutaxassis oldindan 10 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Taʼkidlash lozimki, mazkur mutaxassis firibgarlik bilan bogʻliq jinoyati uchun muqaddam bir necha marotaba sudlangan.
Namangan viloyatida oʻtkazilgan yana bir tezkor tadbirda, mol-mulklarni baholash faoliyati bilan shugʻullanuvchi MChJ rahbari soliq organlaridagi mansabdor tanishlari orqali tadbirkorga tegishli boʻlgan MChJning 783 mln soʻmlik soliq qarzdorligini 141 mln soʻmgacha kamaytirib berish evaziga 4400 AQSh dollari olgan vaqtida jinoyat ustida qoʻlga olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mansabdor tanishi hisoblangan Namangan viloyati soliq boshqarmasi shoʻʼba boshligʻi ham 4400 AQSh dollarini pora sifatida olgan vaqtida ushlandi.
Poytaxtda qayd etilgan holatda, Mirobod tuman hokimligi Ijtimoiy moslashtirish markazi rahbari oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaroligi boʻlmagan shaxsga fuqarolik pasportini rasmiylashtirish hamda doimiy roʻyxatga qoʻydirib berish evaziga 1200 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan qonunbuzilish holatida, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Qarshi shahar boʻlimi davlat ijrochisi oʻz ish yurituvida boʻlgan, javobgar fuqaroning qariyb 70 mln soʻmlik qarzdorligini undirish uchun uning avtotransport vositasiga qoʻyilgan taqiqni yechib berish evaziga 1000 AQSh dollari talab qiladi.
Oʻtkazilgan tezkor tadbir natijada, davlat ijrochisi talab qilingan pul mablagʻini Qarshi tumanidagi fermer xoʻjalik rahbari vositachiligida pora sifatida olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avval Buxoroda soliq inspektori qoʻlga olingandi.