Turkiyadagi oʻrmon yongʻinlarida 14 kishi halok boʻldi
Olov mamlakatning toʻrtinchi yirik shahri boʻlgan Bursaga yaqinlashmoqda.

Turkiyadagi yirik oʻrmon yongʻinlari sabab 14 kishi halok boʻldi.
Mamlakatdagi oʻrmon yongʻinlari toʻrtinchi yirik shahar Bursaga juda yaqinlashdi. Atrofdagi aholi punktlaridan 1700 dan ortiq aholi evakuatsiya qilingan.
Yongʻinni oʻchirish uchun 1900 ga yaqin oʻt oʻchiruvchi yuborilgan. Fox News telekanalining Turkiya rasmiylariga asoslanib xabar berishicha, bir nafar oʻt oʻchiruvchi yongʻinni oʻchirish vaqtida yurak xurujidan vafot etgan.
Turkiyada kuchli oʻrmon yongʻinlari boshlanganidan beri bir oy ichida 14 kishi halok boʻldi, ulardan 10 nafari koʻngillilar va oʻrmon xoʻjaligi xodimlari. Oʻtgan shanba, 26 iyul holatiga koʻra, mamlakatda 84 ta yongʻin sodir boʻlgan. Gʻarbiy Izmir va Bilejik viloyatlari falokat zonalari deb eʼlon qilindi.
Vaziyat qurgʻoqchilik, kuchli shamol va gʻayritabiiy issiqlik tufayli yanada ogʻirlashmoqda. 25 iyul kuni janubi-sharqdagi Sirnak viloyatida havo harorati +50,5 darajaga yetdi, bu mamlakat uchun rekord koʻrsatkich hisoblanadi. 132 aholi punktida iyul oyidagi havo harorati ham rekordlarni yangiladi.
Turkiya prokuraturasi 33 viloyatda oʻt qoʻyish hujumlarini tergov qilmoqda, 97 gumonlanuvchi tergov ostida.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Boʻstonliq tumani va Surxon davlat qoʻriqxonasida ham yongʻin yuz bergandi.