Prezident farmon va qarorlari doirasida ajratilgan pullarning sarflanishi oʻrganiladi
Prezident Administratsiyasi rahbari farmoyishlari va topshiriqlari ijrosini ijro.gov.uz portali orqali nazorat qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Prezidentning farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari doirasida ajratilgan pullarning maqsadli sarflanishi oʻrganiladi. Bu vazifa Hisob palatasiga topshiriladi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosining nazorati yanada kuchaytiriladi.
“Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–117-son, 25.07.2025 y.) qabul qilindi.
Farmon bilan, Hisob palatasiga qoʻshimcha vazifalar yuklatildi, jumladan:
-Qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari doirasida ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishini oʻrganish bilan birga ularning aholi hamda tadbirkorlar uchun samaradorligini tahlil qilish;
- ijro intizomini mustahkamlashga, mansabdor shaxslarning shaxsiy masʼuliyatini oshirishga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan olib borilayotgan islohotlar natijalariga erishishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
- qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijro etilishi yuzasidan davlat organlari va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish.
2025 yil 1 sentabrdan boshlab Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining qisqartiriladigan shtat birliklari hisobidan Hisob palatasiga qoʻshimcha 10 ta boshqaruv shtat birligi ajratiladi.
Viloyatlar, poytaxt va Qoraqalpogʻiston kesimida qonunchilik hujjatlari va ijro topshiriqlarini bajarilishi boʻyicha ishchi guruhlar tashkil etiladi.
Prezident Administratsiyasi rahbari farmoyishlari va topshiriqlari ijrosini ijro.gov.uz portali orqali nazorat qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.
Vazirlar Mahkamasi qarorlari ijrosini nazorat qilish boʻyicha yangi tartib joriy etilishi munosabati bilan;
- Adliya vazirligi markaziy apparati tuzilmasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlari ijrosini nazorat qilish boshqarmasi negizida 20 ta shtat birligidan iborat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumat hujjatlari ijrosini nazorat qilish boshqarmasi tashkil etiladi.
2025 yil 1 sentabrdan davlat organlari va tuzilmalarida ijro intizomiga masʼullar alohida tuzilma shaklida birinchi rahbarlar boʻysunuviga oʻtkaziladi.