Andijonda Sherali Joʻrayev nomidagi musiqa va sanʼat oliy maktabi tashkil etiladi
Oliy maktabda ilmiy-ijodiy laboratoriya tuzilib, Sherali Joʻrayev qoʻshiqlarining "oltin fondi" yaratiladi. Fargʻona viloyatida simfonik orkestr va milliy cholgʻular orkestri tuziladi.

Andijonda Sherali Joʻrayev nomidagi musiqa va sanʼat oliy maktabi tashkil etiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat va sanʼat sohasida boshqaruvni takomillashtirish, hunarmandchilikni rivojlantirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Xalqimizning ulkan maʼnaviy merosi bor. Bugungi kunda odamlarning intellektual, estetik va madaniy ehtiyojlari muttasil ortib bormoqda. Shu bois madaniyat sohasida boshqaruv va moliyalashtirishni takomillashtirish, bu borada ilgʻor xorijiy tajribani joriy etish koʻzda tutilmoqda.
Xususan, madaniyat markazlarida davlat-xususiy sheriklik yoʻlga qoʻyilib, ijodiy ishlanmalarni ragʻbatlantiruvchi startap loyihalar amalga oshiriladi. Yoshlarda vatanparvarlik hissini kuchaytiruvchi, Oʻzbekiston brendini yaratuvchi tarixiy, ilmiy va animatsion milliy mahsulotlar qoʻllab-quvvatlanadi.
Davlatimiz rahbari sohada ilgʻor xorijiy tajribani bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha koʻrsatma berdi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Prezidentining qarori bilan Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada sanʼati instituti tashkil etilgan edi. Endi sanʼatkorning memorial muzeyini tashkil etish, Botir Zokirov nomidagi stipendiya joriy qilish, xalqaro estrada tanlovini oʻtkazish rejalashtirilgan. Institutning bakalavriat bosqichini tamomlagan eng faol bitiruvchilar chet elga magistraturada oʻqishga yuboriladi hamda iqtidorli talabalarning nufuzli xalqaro tanlovlarda ishtiroki qoʻllab-quvvatlanadi.
Davlatimiz rahbari Andijon viloyatiga tashrifi chogʻida xalq artisti Sherali Joʻrayev xotirasini abadiylashtirish tashabbusini bildirgan edi. Shunga muvofiq, Andijon shahridagi sanʼat maktabi negizida ijodkor nomidagi musiqa va sanʼat oliy maktabi tashkil etiladi. Sherali Joʻrayev nomidagi milliy qoʻshiqchilik teletanlovi har yili oʻtkaziladi.
Oliy maktabda ilmiy-ijodiy laboratoriya tuzilib, Sherali Joʻrayev qoʻshiqlarining “oltin fondi” yaratiladi. Zamonaviy ovoz yozish va tasvirga olish studiyasi tashkil etilib, iqtidorli yosh ijodkorlar undan imtiyozli foydalanishi mumkin boʻladi.
Hozir yurtimizda Oʻzbekiston davlat simfonik orkestri hamda filarmoniya tarkibida 8 ta professional orkestr faoliyat olib borayapti. Lekin ular faqat Toshkent shahrida, respublika darajasidagi tadbirlarda ishtirok etadi, xolos.
Shu bois bunday orkestrlarni joylarda ham bosqichma-bosqich tashkil qilish rejalashtirilgan. Jumladan, Fargʻona viloyatida simfonik orkestr va milliy cholgʻular orkestri tuziladi. Ular zarur musiqa asboblari, ovoz kuchaytirish va yoritish uskunalari, sahna liboslari va boshqa anjomlar bilan taʼminlanadi.
Davlatimiz rahbari milliy va jahon sanʼatining sara asarlarini aholiga chuqur yetkazish, tuman va shaharlarga gastrol safarlari uyushtirish zarurligini taʼkidladi.
Madaniyati boy va rang-barang yurtimizda kreativ iqtisodiyot ravnaqi uchun juda keng imkoniyatlar bor. Bugungi kunda bu sohada 14 mingta korxona faoliyat yuritmoqda, ularda qariyb 100 ming kishi ishlayapti. Kelgusi 5 yilda kreativ iqtisodiyot hajmini 2 karra koʻpaytirish, yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 5 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Oʻtgan yili bu borada qonun qabul qilindi. Toshkentda Kreativ iqtisodiyot boʻyicha toʻrtinchi butunjahon konferensiyasi oʻtkazildi. YuNESKO, YuNKTAD, Jahon intellektual mulk tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar, Fransiya, Italiya, Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Qatar kabi davlatlar bilan keng hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.
Kreativ industriyaning eng katta sohalaridan biri – hunarmandchilik. Yilning oʻtgan davrida bunday mahsulotlar eksporti 6,5 million dollarni tashkil qildi.
Taqdimotda hunarmandchilikni yanada rivojlantirishga qaratilgan takliflar koʻrib chiqildi.
Jumladan, Buyuk Britaniya Qirollik fondi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida akademik platforma yaratish rejalashtirilgan. U orqali magistrlar tayyorlash, tadqiqotlar oʻtkazish, oʻquv qoʻllanmalarini joriy etish yoʻlga qoʻyiladi. Bu platforma bilan 3 mingdan ziyod iqtidorli hunarmandlar bosqichma-bosqich qamrab olinadi. Keyinchalik uni amaliy sanʼat maktabiga aylantirish koʻzda tutilgan.
2023 yilda Buxoro “Hunarmandchilik va xalq sanʼati” yoʻnalishida YuNESKOning kreativ shaharlar tarmogʻiga kiritilgan edi. U yerda 2 ming nafar hunarmand 36 ta yoʻnalishda ijod qiladi.
Sentabr-noyabr oylarida Buxoroda birinchi zamonaviy sanʼat biyennalesi oʻtkaziladi. Unga 40 ta davlatdan 70 nafar mashhur rassom tashrif buyuradi.
Davlatimiz rahbari madaniy turizmni rivojlantirishga katta turtki beradigan bunday yirik tadbirlarni yuqori saviyada tashkil qilish muhimligini taʼkidladi.
Turizm boʻyicha yana bir salohiyatli hudud – Qoraqalpogʻiston. Hozir u yerda 2 ming nafar yoshlar milliy hunarmandchilik bilan professional shugʻullanayapti. Yana koʻplari shu kasblarni egallamoqchi.
Shu bois Nukusdagi “Istiqlol” bogʻini kreativ klasterga aylantirib, unda hunarmandlar va dizaynerlarga anʼanaviy bilim va innovatsion gʻoyalarni birlashtirgan holda taʼlim beradigan Orol maktabini tashkil qilish moʻljallangan.
Mutasaddilarga loyihalarni sifatli bajarish va tadbirlarni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.