platina.uz
Jamiyat

Moʻynoqdagi kondan gaz sizib chiqdi

Noxush holatlarning oldini olish maqsadida gaz nazorat ostida yoqib qoʻyildi, deyiladi Energetika vazirligi bayonotida. 

Moʻynoqdagi kondan gaz sizib chiqdi

Moʻynoqdagi kondan gaz sizib chiqishi kuzatildi.

2025 yil 26 iyul kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Moʻynoq tumani, “Uchsoy” OFY hududida joylashgan “Muynoq” konida olib borilayotgan burgʻilash ishlari davomida 5000 metr chuqurlikka moʻljallangan 1-sonli quduqda 4707 metr chuqurlikdan gaz chiqishi kuzatildi.

Bu quduq — ushbu konda burgʻilash ishlari boshlangan birinchi quduq hisoblanadi.

"Gaz bosimi kutilgan darajadan yuqori boʻlganligi sababli, barcha xavfsizlik qoidalariga amal qilgan holda quduqni likvidatsiya qilish va bosimni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Voqea sodir boʻlgan paytdan boshlab barcha tegishli tashkilotlar — “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi boshchiligidagi Jamiyatga qarashli “Ochiq neft va gaz favvoralarini oldini olish va bartaraf etish boʻyicha Oʻzbekiston harbiylashtirilgan qismining Markaziy harbiylashtirilgan nazorat otryadi”, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, “Oʻzbekgeofizika” AJ hamda mahalliy hokimiyat mutasaddilari voqea joyida boʻlib turibdi", deyiladi Energetika vazirligi xabarida.

Ushbu quduq aholi yashash joyidan uzoqda va gaz tarkibida oltingugurt yoʻq boʻlgan toza metan hisoblanadi. Qayd etish joizki, Ustyurt hududidagi barcha konlardan olinadigan tabiiy gaz tarkibida oltingugurt uchramaydi.

Maʼlumot uchun, ayni damda holatni bartaraf etish uchun xizmat qilayotgan ishchi xodimlar sogʻligʻini saqlash, shuningdek, atrof-muhit va hayvonot olamiga zarar yetishining oldini olish maqsadida gaz nazorat ostida yoqib qoʻyildi.

Hech kim tan jarohati olmagan.

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yili sentabrda Boysundagi kondan vodorod sulfidi sizib chiqqandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid