platina.uz
Jamiyat

“Toshshahartransxizmat”ning sobiq rahbari qamoqdan ozod etildi

Unga yuqori instansiya sudi ozodlik cheklash jazosini tayinladi. Yana 16 kishiga belgilangan jazo oʻzgartirildi.  

“Toshshahartransxizmat”ning sobiq rahbari qamoqdan ozod etildi

7,5 yilga qamalgan “Toshshahartransxizmat”ning sobiq rahbari Anvar Joʻrayevga berilgan jazo oʻzgardi. Bu haqda Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati hukmi eʼlon qilindi. Hukm nusxasi Platina.uz ixtiyorida mavjud.

Joʻrayevdan tashqari yana 18 nafar ishga aloqador shaxsga belgilangan hukm ham koʻrib chiqilgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Yunusobod tuman sudining 2025 yil 3 fevraldagi hukmiga koʻra, “Toshshahartransxizmat” AJ sobiq rahbari Anvar Joʻrayev davlat mulkini talon-toroj qilish, mansab soxtakorligi kabi moddalarda aybdor deb topilib, 7,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.

2025 yil 5 iyundagi Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari boʻyicha apellyatsiya instansiyasi sudlov hayʼati ajrimi bilan, Anvar Joʻrayevga tayinlangan jazo oʻzgartirildi. Unga uzil-kesil oʻtash uchun 3 yil muddatga “Toshshahartransxizmat” AJ tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, 4,5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

U jamiyat xodimlariga katta miqdorda oylik va ustama haqlarini asossiz toʻlab berib, jamiyatning sunʼiy ravishda xarajatlarini oshirib, davlat manfaatlariga juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan. Shuningdek, sudlanuvchilar umumiy holatda “Toshshahartransxizmat” AJning 8-avtobus saroyi filialida 2020-2022 yillar va 2023 yilning yanvar- iyun oylari davomida jami 173 737,9 km. masofalarni qoʻshib yozish orqali 738 mln 412 ming 555,24 soʻmlik jami 57 675,16 litr dizel yoqilgʻisini asossiz hisobdan chiqarib, oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganlar.

Sudlanuvchilar A.J., A.A.A., A.Sh.S.lar, mexanik sudlanuvchilar N.K.X., B.R.Z.lar va jinoyat ishining bir qismi tugatilgan shaxslar bilan oʻzaro oldindan til biriktirib, bir guruh boʻlib, qiymati 274.397.134 soʻmlik 25.709 litr dizel yonilgʻisini ortiqcha hisobdan chiqarib, oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganlar.

Bundan tashqari, ayblanuvchi A.A.A “Toshshahartransxizmat” AJ boshqaruv raisi oʻrinbosari, bosh muhandis lavozimida ishlagan. Unga avval 3 yil muddatga “Toshshahartransxizmat” AJ tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 7 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Unga 4 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

M.X.M "Toshshahartransxizmat” AJ tizimidagi “Toshavtotaʼmirxizmat” UK direktori lavozimida ishlagan. Avval 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. M.X. M.ga 3 yil muddatga “Toshshahartransxizmat” AJ tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

A.A.S "Toshshahartransxizmat” AJ tizimidagi “Toshavtotaʼmirxizmat” UK direktorining taʼminot ishlari boʻyicha oʻrinbosari lavozimida ishlagan. Avval 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. A. A. S.ga oʻtash uchun 3 yil muddatga “Toshshahartransxizmat” AJ tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

I.B.D “Toshshahartransxizmat” AJ tizimidagi 8-avtobus saroyi filiali direktori lavozimida ishlagan. Avval unga 3 yil 3 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Toshkent shahar sudi I.B.D.ga 3 yil muddatga “Toshshahartransxizmat” AJ tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, 3 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.

A.Sh.S “Toshshahartransxizmat” AJ tizimidagi 8-avtobus saroyi filiali bosh muhandisi lavozimida ishlagan. Unga avval 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. A.Sh.Sga 3 yil muddatga “Toshshahartransxizmat” AJ tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, 3 yil 3 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Jami 17 kishiga nisbatan hukm oʻzgargan.

Ikki kishiga nisbatan quyi instansiya chiqargan hukm oʻzgarishsiz qolgan.

Sud ishi Oliy Sud portalidan olindi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid