platina.uz
Jamiyat

“Toshkent shahar elektr tarmoqlari” boshligʻi va 11 nafar elektr korxonalari rahbarlari intizomiy javobgarlikka tortildi

Poytaxtda elektr bilan bogʻliq vaziyat Bosh prokuratura tomonidan mutaxassislarni jalb etgan holda oʻrganilgan. 

“Toshkent shahar elektr tarmoqlari” boshligʻi va 11 nafar elektr korxonalari rahbarlari intizomiy javobgarlikka tortildi

“Toshkent shahar elektr tarmoqlari” boshligʻi va 11 nafar tuman elektr taʼminoti korxonalari rahbarlari intizomiy javobiy javobgarlikka tortildi.

Joriy yilning 24-25 iyul kunlari Toshkent shahrining turli tumanlarida elektr energiyasi taʼminoti bilan bogʻliq avariyalar hamda tarmoqlarda kuchlanishning pasayib ketishi kuzatildi.

Ushbu holat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan mutaxassislarni jalb etgan holda oʻrganildi.

Maʼlum boʻlishicha, bugungi kunda poytaxtda 823 mingdan ortiq elektr energiyasi isteʼmolchilari bor. Bu 2024 yilga nisbatan 47,6 ming, joriy yil boshiga nisbatan 21 mingtaga koʻpaygan.

Elektr energiyasi isteʼmoli 2022 yilda 7,6, 2023 yilda 8,3, 2024 yilda 8,7 milliard kVt soatni tashkil etgan. Yiliga oʻrtacha 621,3 million kVt soat yoki 9 foizga ortmoqda.

Oʻrganishlar davomida quyidagi xato va kamchiliklar aniqlandi.

Hozirda tizimdagi 1154-raqamli CALL-markaz orqali murojaatlarni qabul qiluvchi operatorlar 5 nafarni tashkil etadi. Shu sababli operator bilan ulanish uchun 60-70 tagacha navbat yuzaga kelgan. Oʻrganish natijasida markazga qoʻshimcha 10 nafar operator biriktirildi.

Bundan tashqari, cheklovlar va avariyalar haqida isteʼmolchilarni vaqtida xabardor qilish ham talab darajasida tashkil etilmagan. Iyul oyining 23 kunida 64 ta avariya boʻyicha isteʼmolchilar ogohlantirilmagan, 112 tasi boʻyicha esa kech ogohlantirilgan.

Oʻrganish natijasida barcha tuman hokimliklarining rasmiy saytlari va kuzatuvchilar koʻp boʻlgan internet kanallarida bu haqda zudlik bilan ogohlantirish eʼlonlari berilishi yoʻlga qoʻyildi.

Shuningdek, har bir hududdagi avariya-dispetcherlik xizmatlariga prokuratura xodimlari biriktirilib, avariya dispetcherlik xizmatlarining shayligi oshirildi.

Taʼminotdagi avariyalar, rejaviy uzilishlar haqida isteʼmolchilarni xabardor qilish, avariya holatlarini zudlik bilan bartaraf etish yuzasidan matbuot va dispetcherlik xizmatlari xodimlari rasman ogohlantirildi.

28 nafar (“Toshkent shahar elektr tarmoqlari” MChJ boshligʻi va 11 nafar tuman elektr taʼminoti korxonalari boshliqlari, 13 nafar tuman korxonasi bosh muhandislari, 3 nafar tuman korxonasi dispetcherlik xizmati xodimlari) mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi, deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” masʼuliyati cheklangan jamiyatida tizimli muammolar borligi maʼlum boʻldi.

Jamiyatning 410 nafar ishchi-xodimdan iborat 78 ta avariya brigadasi, 34 ta maxsus avtotransport vositasi yuzaga kelayotgan avariya holatlarini bartaraf etish uchun yetarli emas. 35 ta shtat birliklariga ehtiyoj mavjud.

Soʻnggi uch yilda jamiyatda faoliyat yuritib kelayotgan xodimlarning 30 foizi ish haqining kamligi va ish hajmining kattaligi sababli tizimdan boʻshagan. Shundan 228 nafari yoki 45 foizi aynan ekspluatatsiya xizmati mutaxassislarini tashkil etadi.

9 749 kilometrdan ortiq elektr tarmogʻining 2 540 kilometr yoki 26 foizi taʼmirtalab ahvolda, mavjud 90 ta podstansiyaning 9 tasi modernizatsiya qilinishi, 2 tasining quvvati oshirilishi lozim.

Mavjud 11 ta maxsus laboratoriya avtomashinasining 6 tasi zamon talablariga javob bermaydi, shundan tungi vaqtda bor-yoʻgʻi ikkitasi navbatchi sifatida oʻz xizmatini oʻtamoqda. Bu bir vaqtning oʻzida bir nechta hududda oʻchishlar sodir boʻlgan taqdirda qisqa muddatda avariyani aniqlash va toʻliq bartaraf etish imkoni bermayapti.

Avariyalarni tezkorlik bilan aniqlash va bartaraf etish, uzluksiz ish tashkil qilish maqsadida 13 nafar injener-laborant, 13 ta xaydovchi-laborant jami 26 ta qoʻshimcha shtat birliklari joriy etish, har biri oʻrta hisobda 1 milliard soʻmlik zamonaviy 10 ta maxsus laboratoriya avtomashinaga talab mavjudligi aniqlandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid