AQShda Demokratik partiyaning reytingi rekord darajada pasaydi
Soʻrovnoma qatnashchilarining 63 foizi demokratlarga salbiy munosabatda - bu 1990 yildan beri eng yuqori norozilik darajasidir.

AQShda Demokratik partiyaning reytingi 33 foizgacha tushib ketdi.
The Wall Street Journal soʻrovnomasiga koʻra, bu soʻnggi 35 yildagi rekord darajada past.
Soʻrov WSJ tomonidan 16-20 iyul kunlari 1500 amerikalik oʻrtasida oʻtkazildi. Respondentlarning 63 foizi demokratlarga salbiy munosabatda - bu 1990 yildan beri eng yuqori norozilik darajasidir. Ulardan 43 foizi "juda norozi" javob variantini tanlagan.
Tadqiqotda, shuningdek, Respublikachilar partiyasi va umuman prezident Donald Trampga munosabat salbiyligicha qolayotgani, biroq ularga nisbatan tanqidlar unchalik sezilmasligi aytiladi. Farqi mos ravishda 11 va 7 foiz bandini tashkil etadi.
Respondentlarning 19 foizi respublikachilarni ijobiy baholasa, demokratlar esa atigi 8 foiz shunday ovoz olgan.
Soʻrov ishtirokchilarining aksariyati Trampning noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurashdan tashqari turli sohalardagi siyosatini qoʻllab-quvvatlamaydi.
Shuningdek, AQSh fuqarolari asosiy masalalarda demokratlarga qaraganda Kongressdagi respublikachilarga koʻproq ishonadilar. Istisnolar sogʻliqni saqlash va emlash bilan bogʻliq mavzulardir.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yilgi saylovlarda demokrat nomzod Kamala Xarris respublikachi Trampga katta farq bilan imkoniyatni boy berdi.