Oʻzbekistonda kambagʻallik darajasi 6,8 foizgacha tushdi
Endilikda ishga qabul qilishda yangi tizim joriy qilinadi, maxsus elektron platforma yaratiladi. Bu tizim dastlab Toshkentda yoʻlga qoʻyiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kasbiy taʼlim tizimidagi yangi yondashuvlarga oid taqdimot bilan tanishdi.
Joriy yilda bu sohada xorijiy tajriba asosida yangi yondashuvlar yoʻlga qoʻyildi. Banklar mahallalarga bogʻlanib, aholi bandligini taʼminlashga xam hissa qoʻshmoqda. Xususan, birinchi yarim yillikda 3 milliondan ziyod aholi daromadli mehnatga jalb qilindi.
Kambagʻallikni qisqartirish borasida yaratilgan tizim hamda sarflanayotgan mablagʻlar oʻz samarasini berib, joriy yilning 1 iyul holatiga koʻra, kambagʻallik darajasi 6,8 foizni tashkil qildi.
Aholi bandligini oshirishda kasbiy taʼlim sifati juda muhim. Bu borada ish beruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish, malaka oshirishni yangi darajaga koʻtarish hamda xususiy sektor ishtirokini taʼminlash talab etilmoqda. Kasbiy taʼlimning mehnat bozori ehtiyojlariga mos kelmasligi kadrlar tayyorlashda muayyan muammolarga sabab boʻlmoqda.
Mehnat munosabatlaridagi ayrim meʼyorlar tadbirkorlik subʼektlari, ayniqsa, kichik korxonalar uchun murakkablik tugʻdirmoqda. Ishga qabul qilishda axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan toʻliq foydalanilmayapti.
Shuningdek, amaldagi talablar ish beruvchilarni haqiqiy vakansiyalarni ochiq eʼlon qilishga ragʻbatlantirmaydi. Oqibatda bu maʼlumotlarni yashirishga olib kelib, mehnat bozorini toʻgʻri tahlil qilish hamda kasbiy taʼlim yoʻnalishlarini aniqlash imkonini cheklamoqda.
Taqdimotda mazkur muammolarni hal etishga qaratilgan yangi reja va tashabbuslar haqida maʼlumot berildi.
Unga muvofiq, mehnat organlari ish beruvchilarga nisbatan jazo qoʻllovchi emas, balki hamkor sifatida faoliyat yurituvchi, ularga xizmat koʻrsatuvchi tuzilmaga aylanishi koʻzda tutilmoqda.
Xususan, ish beruvchilar tomonidan boʻsh ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi majburiy maʼlumotlarni taqdim etmaslik va joʻnatilgan nomzodlarni ishga olmaslik uchun jazo choralarini bekor qilish taklif etilmoqda. Bu orqali bandlik organlari ish beruvchilardan toʻgʻri va haqqoniy maʼlumotlarni toʻplab, ularga ish izlayotgan fuqarolarni yoʻnaltiradi. Ish beruvchi esa nomzodni qabul qilish yoki qilmaslikni oʻzi hal etadi.
Ushbu tizimni joriy etish uchun maxsus elektron platforma yaratilib, dastlab Toshkent shahrida tajriba tariqasida boshlanadi va keyinchalik butun mamlakat boʻyicha tatbiq etiladi.
Shu bilan birga, mutaxassis topish murakkab boʻlgan vakansiyalar kasbiy taʼlimning asosiy yoʻnalishlariga aylantirilib, tayyorgarlik jarayonlarini maqsadli tashkil etishga xizmat qiladi.
Kasbiy taʼlim sifatini yanada oshirish maqsadida xususiy sektor vakillarini Kasbiy koʻnikmalar markazlari faoliyatiga jalb etish, ayrim markazlarni esa aniq sohalar boʻyicha ixtisoslashtirilgan taʼlim maskanlariga aylantirish rejalashtirilgan.
Mutasaddilarga kasbiy taʼlimni uch bosqichli tizimga oʻtkazish vazifasi qoʻyildi. Jumladan, internet orqali bepul videodarslarni joriy etish, ishlovchi fuqarolarga qayta tayyorgarlik yoki malaka oshirish uchun “kasb vaucheri” orqali imkoniyat yaratish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbari malakali kadrlar tayyorlash respublikada ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirishga xizmat qiladigan eng muhim omillardan biri ekanini taʼkidladi.