Oʻzbekiston Tailand va Kambodjani vaziyatni tinch yoʻl bilan hal etishga chaqirdi
Tailandda boʻlib turganlardan Kambodja bilan chegaradosh hududlarga safar qilmaslik va rasmiy xabarlarni kuzatib borish soʻralgan.

Oʻzbekiston TIV Tailand va Kambodja oʻrtasidagi mojaroga munosabat bildirdi.
Aytilishicha, Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Tailand va Kambodja oʻrtasidagi chegarada yuz bergan qurolli toʻqnashuv munosabati bilan yuzaga kelgan vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda.
"Biz barcha tomonlarni vaziyatni tinch yoʻl bilan hal qilishga va xalqaro huquq normalariga rioya qilishga chaqiramiz.
Mamlakatimizning Bangkokdagi Bosh konsulxonasi maʼlumotlariga koʻra, hozirgi vaqtda Tailand va Kambodjada istiqomat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolari orasida jabrlanganlar mavjud emas", deyiladi xabarda.
Tailand poytaxti va turizm markazlarida vaziyat barqaror boʻlib, xorijiy sayyohlar uchun xavf-xatar mavjud emas.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston fuqarolaridan Kambodja bilan chegaradosh hududlarga safar qilmaslik va rasmiy xabarlarni kuzatib borish soʻralgan.
Eslatib oʻtamiz, 24 iyul kuni Tailand va Kambodja chegarasida keskinlik roʻy berdi. Toʻqnashuvlarda bir necha kishi halok boʻldi.