Fransiya Falastinni rasman tan oladi
Bu haqda prezident Emmanuel Makron Falastin maʼmuriyati rahbari Mahmud Abbosga yoʻllagan maktubida bildirgan.

Fransiya Falastinni rasman tan oladi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron sentabr oyida Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasida Falastin davlatini rasman tan olishini aytdi.
"Yaqin Sharqda adolatli va mustahkam tinchlik oʻrnatish boʻyicha tarixiy majburiyatiga sodiq qolgan holda, men Fransiya tomonidan Falastin davlatini tan olishga qaror qildim. Bu haqda sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasida tantanali ravishda eʼlon qilaman", deb yozgan Makron ijtimoiy tarmoqda Falastin maʼmuriyati rahbari Mahmud Abbosga yoʻllagan maktubi bilan birga.
"Zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatish tartibi oʻrnatilishi, barcha garovga olinganlarni ozod qilish, Gʻazo aholisiga yirik gumanitar yordam yetkazilishi kerak. HAMASning demilitarizatsiyasi ham kafolatlanishi, Gʻazo xavfsizligi va rekonstruksiya qilinishi taʼminlanishi kerak", - deya qoʻshimcha qildi Makron.
Falastin rasmiylari Makronning qarorini olqishladilar, Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu esa bu harakat 2023 yil 7 oktabr kuni HAMAS hujumidan keyin “terrorni mukofotlashini” aytdi.
"Falastin davlati bunday sharoitda Isroil bilan tinch-totuv yashash uchun emas, balki uni yoʻq qilish uchun tramplinga aylanadi. Falastinliklar Isroilning yonida davlat qurishga intilmayapti, ular Isroil oʻrnida davlat qurishga intilmoqda", - dedi Netanyaxu bayonotida.
Avvalroq Isroil parlamenti Gʻarbiy sohilni anneksiya qilishni maʼqullagandi.