Transport egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish summasi ikki barobarga oshiriladi
2026 yil 1 apreldan Yagona sugʻurta billing tizimi joriy etiladi. Bu polislarni rasmiylashtirishda sugʻurta mukofotlari tushumlarining markazlashtirilgan hisobini yuritilishini taʼminlaydi.

Transport egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish summasi 80 mln soʻmga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 23 iyuldagi “ Prezidentning “Sugʻurta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari haqida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar agentligi xabar berdi.
Qaror bilan:
- transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurtasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritildi:
-aktuar hisob-kitoblar asosida sugʻurta tariflari qayta koʻrib chiqilib, sugʻurta summalari va mukofotlari bozor tamoyillariga muvofiqlashtirildi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta summasini 80 mln soʻmgacha (amalda 40 mln soʻm) oshirilishi belgilandi, bu oʻz navbatida YTH natijasida jabrlangan shaxslarning mol-mulkiga, hayotiga va sogʻligʻiga yetkazilgan zarar miqdorini qoplash uchun yoʻnaltiriladigan mablagʻning bugungi kun talabiga mos ravishda boʻlishiga xizmat qiladi;
-haydovchilar soniga qarab cheklangan va cheklanmagan polislarni rasmiylashtirish mexanizmi belgilandi. Bunda aybdor deb topilgan sugʻurta qildiruvchining sugʻurtalovchisi tomonidan sugʻurta daʼvolari va boshqa nizolarni koʻrib chiqish tartibi aniqlashtirildi;
- Sugʻurta toʻlovlarini kafolatlash jamgʻarmasiga transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurtasi bilan bogʻliq masalalar yuzasidan huquqiy maslahat hamda YTH toʻgʻrisidagi xabarnoma bilan bogʻliq adjasterlik xizmatini koʻrsatish funksiyasi qoʻshildi;
- majburiy sugʻurtalash majburiyatining bajarilishini nazorat qilish uchun masʼul organlar va Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimini yuritish tartibi aniqlashtirildi;
- manfaatdor davlat organlari bilan majburiy sugʻurta boʻyicha elektron maʼlumot almashinuvi yoʻlga qoʻyilishi belgilandi;
- 2026 yil 1 apreldan Yagona sugʻurta billing tizimi joriy etiladi. Bu polislarni rasmiylashtirishda sugʻurta mukofotlari tushumlarining markazlashtirilgan hisobini yuritilishini taʼminlaydi;
- fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilmagan shaxslarni maʼmuriy javobgarlikka tortish mexanizmlarini takomillashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.