platina.uz
Iqtisod

Olti oyda 5,6 trln soʻmlik samarasiz byudjet xarajatlari qisqartirildi

"Masofaviy audit" axborot tizimi orqali 4 trillion soʻmlik kamchiliklar bartaraf etilgani maʼlum qilindi. 

Olti oyda 5,6 trln soʻmlik samarasiz byudjet xarajatlari qisqartirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 iyul kuni Hisob palatasining faoliyati hamda ijro tizimini takomillashtirish chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 10 iyuldagi “Byudjet mablagʻlaridan foydalanish ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, Hisob palatasining ish uslubi oʻzgardi, uning vakolatlari kengaytirildi.

Eskicha tekshiruvlardan voz kechilib, moliyaviy, muvofiqlik, samaradorlik va strategik audit tizimi joriy qilindi.

Endilikda bu palata faqat nazorat qiluvchi emas, balki byudjet intizomiga koʻmaklashuvchi hamkor idoradir. Shu bois asosiy eʼtibor moliyaviy intizom buzilishining oldini olish, buning omillarini tahlil qilishga qaratilmoqda.

Masalan, bu yil 6 oyda oʻtkazilgan audit tadbirlari natijasida 5 trillion 600 milliard soʻm samarasiz byudjet xarajatlari qisqartirilgan, byudjetga 5 trillion soʻm qoʻshimcha tushum imkoniyati aniqlangan.

Mamlakatimiz iqtisodiyoti izchil oʻsib bormoqda. Bu, oʻz navbatida, moliyaviy nazorat koʻlami va ish hajmini ham oshiradi. Buni qamrab olishning samarali yoʻli – raqamlashtirish. Shu maqsadda “Masofaviy audit” axborot tizimi ishga tushirilgan. Hozirgacha u orqali 4 trillion soʻmlik kamchiliklar bartaraf etilgan.

Taqdimotda endi tizimga sunʼiy intellektni joriy qilib, kamchiliklarni keltirib chiqarayotgan omillarni bartaraf etish vazifasi qoʻyildi.

Oʻtgan yili 12 ta vazirlikda moliyaviy nazorat boʻyicha tashkil qilingan situatsion markazlarning koʻrsatkichlari qayd etilib, bu tizim joriy yilda yana 10 ta vazirlik va idoraga kengaytirilishi belgilandi. Shu bilan birga, byudjet tashkilotlarida ichki audit va ichki nazorat tizimlarini takomillashtirib, Hisob palatasi bilan axborot almashuvini kuchaytirish boʻyicha topshiriq berildi.

Prezident farmoniga asosan, davlat auditi xalqaro standartlar darajasiga chiqarilmoqda. Hisob palatasi xodimlari bir yil davomida xalqaro auditorlar bilan birgalikda ishlab, tajriba toʻpladi. Natijada tashqi qarz hisobidan boʻlayotgan loyihalar xalqaro mezonlar asosida auditdan oʻtkazilmoqda. Bunday tartibni loyihalarning ilk bosqichlaridan boshlash muhimligi koʻrsatib oʻtildi.

Shu yil 16 iyun kuni islohotlar natijadorligi tahlili boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Hisob palatasiga “Xalq nazorati” platformasini barcha hududlarda yoʻlga qoʻyish topshirilgan edi. Taqdimotda mutasaddilar bu borada boshlangan ishlar va zarur chora-tadbirlar toʻgʻrisida axborot berdi.

Bu tizim orqali qurilish, infratuzilma, kommunal xizmatlar, energiya taʼminoti, transport, yoʻl, ekologiya kabi sohalardagi muammolar boʻyicha xabar beriladi. Ularni hal qilish uchun portalga barcha vazirlik, idora va hokimliklar ulanadi.

Hozirgi kunda bu dasturni sunʼiy intellekt asosida takomillashtirish, vertikal nazorat tizimini yoʻlga qoʻyish, koll-markazlar tashkil etish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

Davlat rahbari mutasaddilarga ijro intizomini mustahkamlash, byudjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanish va tejamkorlikni taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid