Isroil Falastinning bir qismini anneksiya qilish boʻyicha deklaratsiyani maʼqulladi
Gʻarbiy sohil dunyoning aksariyat davlatlari (jumladan Oʻzbekiston) tomonidan Falastin hududi deya tan olingan.

Knesset (yahudiy davlati parlamenti) Isroil suverenitetini Yahudiya, Samariya va Iordaniya vodiysiga kengaytirish toʻgʻrisidagi deklaratsiyani maʼqulladi. Unda 71 aʼzo “ha” va 13 nafari “yoʻq” deb ovoz berdi, deb yozadi The Jerusalim Post.
Hujjat matniga koʻra, Iordan daryosining Gʻarbiy sohilidagi bu hududlar “yahudiy xalqining tarixiy vatanining ajralmas qismi” hisoblanadi. Bu yerlarda Isroil suverenitetini oʻrnatish mamlakatga “vatandagi yahudiylarning mavjudligini kuchaytirishga va oʻz fuqarolarini himoya qilishga” yordam beradi, deb yozadi gazeta.
Nashrning qayd etishicha, ovoz berish qonunga hech qanday oʻzgartirish kiritmagan va sof deklarativ xarakterga ega. Uning mualliflari oʻta radikal yahudiy siyosatchilari edi.
Isroil qonunlariga koʻra, Sharqiy Quddusdan tashqari Iordaniyaning Gʻarbiy sohilidagi hudud “vaqtinchalik harbiy ishgʻol” ostida. Isroil hech qachon Iordaniyaning Gʻarbiy sohilini tom maʼnoda anneksiya qilganini eʼlon qilmagan. Biroq, mamlakat 1967 yilda Olti kunlik urushda gʻalaba qozonganidan beri mintaqani aholisi bilan toʻldirishda davom etmoqda.
18 iyul kuni Germaniya kansleri Fridrix Mers Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan telefon orqali muloqot qilib, uni Iordan daryosining gʻarbiy sohilidagi hududlarni anneksiya qilish oqibatlaridan ogohlantirdi.
Iordan daryosining Gʻarbiy sohili dunyoning aksariyat davlatlari tomonidan tan olingan Falastinning ikki qismidan biri hisoblanadi. 1995 yildan buyon hudud Falastin milliy maʼmuriyati tomonidan nazorat qilinadi. Maʼmuriyat rahbari Mahmud Abbos avvalroq Falastin maʼmuriyatining Gʻazo sektoriga daʼvosi borligini, HAMAS guruhi tez orada qurollarini tashlashi mumkinligini aytgan edi.