Bolalarga nisbatan zoʻravonlik uchun jazo choralarini kuchaytirish taklif etilmoqda
Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyeva maʼlum qildi.

Bolalarga nisbatan zoʻravonlik boʻyicha Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga oʻzgartishlar kiritish tashabbusi bilan chiqilmoqda.
Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi (IHMA) direktorining birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyeva maʼlum qildi. Maqsad — yengillashtiruvchi holatlarsiz, mumkin boʻlgan eng ogʻir jazo choralari qoʻllanilishiga erishish.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyeva bolalarga nisbatan zoʻravonlik uchun jazoning muqarrar boʻlishi, yengillashtiruvchi holatlarsiz, mumkin boʻlgan eng ogʻir jazo choralari qoʻllanilishiga erishish uchun tashabbus bilan chiqilishi haqida Instagram sahifasida maʼlum qildi.
"Men koʻpincha shu savol ustida oʻylanaman: katta yoshdagi inson qaysi pallada boladagi insoniy qiyofani koʻrmay qoladi? Qachon gʻazab va bezovtalik zoʻravonlik uchun bahonaga aylanadi? Bola himoya qilishga "ulgʻayib yetishi" mumkin emas. Himoya uning haqqi sifatida uning ilk nafasidan boshlab mavjud boʻlishi shart. Shart-sharoitlarga bogʻliqsiz, mutlaq va kafolatli tarzda", — deya yozadi Mirziyoyeva. Soʻnggi oylarda Ijtimoiy himoya milliy agentligi bolalarga nisbatan zoʻravonlikning oldini olish boʻyicha izchil ishlar olib bormoqda. "Bugungi kunda mazkur mavzu yangi, yanada yuqori bosqichga koʻtarilmoqda", — dedi u.
"Biz Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga oʻzgartishlar kiritish tashabbusi bilan chiqmoqdamiz. Maqsad — bolalarga nisbatan zoʻravonlik qilgan shaxslar jazodan chetda qolmasligi, javobgarlik adolatli va muqarrar boʻlishi, yengillashtiruvchi holatlarsiz, mumkin boʻlgan eng ogʻir jazo choralari qoʻllanilishiga erishishdir", — dedi Mirziyoyeva.
Taʼkidlanishicha, hozirda Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (MMTV) vakillaridan iborat idoralararo ishchi guruh shakllantirilmoqda.
Ushbu guruh quyidagi aniq va amaliy oʻzgarishlar ustida ish boshlab boʻlgan:
-bolalarga ziyon yetkazgan shaxslar uchun jazo choralarini yanada kuchaytirish;
-shafqatsizlikka yoʻl qoʻyganlar uchun bolalar bilan ishlash huquqini umrbod taqiqlash;
-javobgarlikni tezkor va samarali taʼminlash maqsadida yagona tartibdagi tezkor protokollarni joriy etish.
"Men zoʻravonlikni "tasodif" deb hisoblamayman. Bu — har doim kattalarning ongli tanlovidir. Demak, buning muqobili sifatida boshqa bir tanlov ham boʻlishi shart: uni toʻxtatish tanlovi. Oqlash emas. Muammoga koʻz yummaslik tanlovi", — deya xulosa qiladi Mirziyoyeva.